XOQ sportning siyosiy betarafligiga oid Olimpiya xartiyasiga kiritilgan o‘zgartishlarni tasdiqladi
Iyun 25, 2026. 16:00 • 2 daq
• 69
JENEVA, 25-iyun. /“Dunyo” AA/. Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) Olimpiya xartiyasiga sport va sportchilarning siyosiy betarafligi to‘g‘risidagi qoidalarni kuchaytiruvchi o‘zgartirishlar kiritilganini tasdiqladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri qo‘mita axborotiga tayanib.
Qayd etilishicha, tuzatishlar sport siyosiy aralashuvlardan xoli bo‘lishi kerak degan tamoyilni mustahkamlaydi. Hujjatda XOQning “har qanday vaqtda hamda davlat, madaniy, ijtimoiy yoki iqtisodiy tuzilmalar tomonidan hech qanday bosimsiz” betaraflikni taʼminlashdagi roli alohida taʼkidlangan.
Shuningdek, Olimpiya harakatiga aʼzo sport tashkilotlari doimiy ravishda betaraflikka rioya qilishlari shart ekaniga aniqlik kiritildi. XOQning maʼlum qilishicha, o‘zgarishlar Olimpiya harakatini tashqi taʼsirdan himoya qilishga va o‘yinlardan siyosiy maqsadlarda foydalanishning oldini olishga qaratilgan.
XOQ komissiyasi rahbari Kirsti Koventri ushbu islohot Olimpiya o‘yinlarining tinch raqobat va xalqaro hamjihatlik makoni sifatidagi o‘ziga xos xususiyatini saqlab qolishga xizmat qilishini taʼkidladi.
“Ishtirok siyosat bilan emas, balki sport yutuqlari bilan belgilanmog‘i lozim”, – dedi u va tashkilotga yangi meʼyorlarning amalda qo‘llanilishini baholash uchun vaqt kerak bo‘lishini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, rossiyalik va belaruslik sportchilarning xalqaro turnirlardagi ishtiroki davlatning doping tizimi bilan bog‘liq mojaro hamda Ukrainadagi ziddiyat fonida cheklangan edi. 2022-yilda bir qator sportchilar musobaqalardan chetlatilgan, 2023-yilda esa Rossiya Olimpiya qo‘mitasi faoliyati to‘xtatib qo‘yilgan edi.
May oyida XOQ belaruslik sportchilarga qo‘yilgan cheklovlarning bir qismini bekor qilib, ularning 2028-yilda Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari saralash musobaqalarida ishtirok etishiga ruxsat berdi. Rossiyalik sportchilarning ehtimoliy qaytishi masalasi hamon muhokama qilinmoqda, biroq hozircha yakuniy qarorlar qabul qilinmagan.
Shuningdek, Falastin Milliy olimpiya qo‘mitasi XOQdan Isroilning Parijdagi o‘yinlarda ishtirok etishini taqiqlashni talab qilganidan so‘ng, isroillik sportchilarning 2024-yilgi Olimpiya o‘yinlarida qatnashishi munosabati bilan XOQ tanqidga uchradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi