Pokiston kompaniyasi Toshkent viloyatida yirik chorvachilik kompleksi barpo etmoqchi

Iyun 25, 2026. 16:30 • 2 daq

75
Pokiston kompaniyasi Toshkent viloyatida yirik chorvachilik kompleksi barpo etmoqchi

TOSHKЕNT, 25-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Pokistonning yirik “Go Group” tarkibiga kiruvchi “Go Dairy (Private) Limited” kompaniyasi rahbari Dur Muhammad Ayub boshchiligidagi delegatsiyaning yurtimizga safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Safar davomida Pokiston kompaniyasi vakillari Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, oziq-ovqat sanoati hamda eksport salohiyatini oshirish yo‘nalishlaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Zoyir Mirzayev Toshkent viloyatining iqtisodiy salohiyati, qishloq xo‘jaligi va chorvachilik tarmoqlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar hamda yirik investitsiyaviy loyihalar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Xususan, viloyatda zamonaviy agroklasterlar tashkil etish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish, qayta ishlash sanoatini rivojlantirish va qo‘shimcha qiymat yaratishga qaratilgan loyihalarga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Pokiston delegatsiyasi rahbari “Go Group” faoliyati va O‘zbekistonda amalga oshirish rejalashtirilayotgan loyihalar haqida to‘xtalib o‘tdi. Ta’kidlanishicha, kompaniya O‘zbekistonda naslchilik, boqish, yem ishlab chiqarish, so‘yish va qayta ishlash bosqichlarini o‘z ichiga olgan to‘liq siklli chorvachilik kompleksini tashkil etishni rejalashtirmoqda.

— Loyiha doirasida dastlabki bosqichda 20–30 ming bosh qoramolga mo‘ljallangan zamonaviy chorvachilik majmuasi, eksportga yo‘naltirilgan sovutish va muzlatish omborlari hamda mahsulotlarni qadoqlash infratuzilmasini yaratish ko‘zda tutilgan, — dedi Dur Muhammad Ayub. — Kompaniyamiz O‘zbekistonni Fors ko‘rfazi mamlakatlari, MDH davlatlari va Xitoy bozorlariga mahsulot yetkazib berish uchun muhim logistika markazi sifatida baholamoqda.

Shuningdek, muloqot chog‘ida kartoshka va sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, qadoqlash, urug‘chilik hamda ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida hamkorlik qilish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni amaliy bosqichga olib chiqish, investitsiyaviy loyihalarni birgalikda ishlab chiqish va qishloq xo‘jaligi sohasida uzoq muddatli sheriklikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishib oldi.

Safar dasturi doirasida kompaniya vakillari Yangiyo‘l, Qibray, Yuqori Chirchiq va Bo‘stonliq tumanlarida bo‘lib, hududlardagi chorvachilik xo‘jaliklari, agroklasterlar va investitsiyaviy maydonlar faoliyati bilan tanishdi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish