O‘zbekiston va Shvetsiya hamkorligi kun tartibida dinlararo muloqot va bag‘rikenglik masalalari
Mart 29, 2026. 09:10 • 2 daq
• 22
STOKGOLM, 29-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar boshchiligidagi delegatsiyaning Shvetsiyaga tashrifi doirasida ikki mamlakat o‘rtasida dinlararo muloqot, bag‘rikenglik va ijtimoiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan qator muhim uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, Shvetsiya parlamenti — Riksdag raisi o‘rinbosari Yuliya Kronlid, “Shvetsiya – Markaziy Osiyo” parlamentlararo do‘stlik guruhi rahbari Byorn Syoder, Shvetsiya TIVning dinlararo muloqot bo‘yicha maxsus vakili, elchi Kristian Kamil, Dinlararo muloqot kengashi aʼzolari, Stokgolm masjidi bosh imom-xatibi Mahmud Xalfi hamda Stokgolm cherkovlari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Shvetsiya tomoni O‘zbekistonda turli konfessiya vakillari uchun yagona oila muhitini yaratish, diniy bag‘rikenglik va millatlararo do‘stlikni rag‘batlantirish borasida amalga oshirilayotgan siyosatni yuqori baholadi. Qayd etilganidek, ushbu sohadagi amaliy chora-tadbirlar Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Muzokaralar davomida tegishli davlat organlari va diniy tashkilotlar o‘rtasida hamkorlikni yana-da rivojlantirish, jumladan, qo‘shma tadbirlar va pilot loyihalarni amalga oshirishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirildi.
Oliy Majlis deputati Dilorom Fayziyeva O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni faollashtirish bo‘yicha qator yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, ikki mamlakat parlamentlarida faoliyat yuritayotgan do‘stlik guruhlari doirasida ushbu tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish taklif etildi.
Uchrashuvlar yakunida tomonlar diniy va maʼrifiy sohalarda tajriba almashish hamda xalqaro maydonda bag‘rikenglik g‘oyalarini birgalikda targ‘ib qilishga kelishib oldilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi