Logo

Xitoyning qishloq xo‘jaligi sohasidagi yetakchi kompaniyasi hamkorlik salohiyatini o‘rganish uchun O‘zbekistonga ekspertlar guruhini yuboradi

Mart 25, 2026. 10:57 • 2 daq

121
Xitoyning qishloq xo‘jaligi sohasidagi yetakchi kompaniyasi hamkorlik salohiyatini o‘rganish uchun O‘zbekistonga ekspertlar guruhini yuboradi

GUANCHJOU, 25-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan Xitoyning “Wens Foodstuff Group” kompaniyasi prezidenti Li Shaosun bilan uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda ishtirokchilarga O‘zbekistonning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy ko‘rsatkichlari, qishloq xo‘jaligining investitsiyaviy jozibadorligi, shuningdek, xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, imtiyoz va preferensiyalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Xitoy tomoni mamlakatimizda parrandachilik tarmog‘ini rivojlantirishga qiziqish bildirdi va hududlardagi mavjud salohiyatni o‘rganish uchun kompaniya ekspertlar guruhini yurtimizga yuborishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, “Parrandasanoat” uyushmasi va “Wens Foodstuff Group” kompaniyasi vakillari o‘rtasida onlayn muzokaralar tashkil etilib, tomonlar kelgusidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.

“Wens Foodstuff Group” kompaniyasi 1983-yilda tashkil etilgan bo‘lib, dunyodagi yetakchi agrosanoat kompaniyalari qatoriga kiradi. Korxona faoliyatining asosiy yo‘nalishlari parrandachilik va chorvachilik hisoblanadi. Kompaniya yillik daromadi 21 milliard dollar, bozor kapitallashuvi 17 milliard dollarni tashkil etadi. Shuningdek, u 43 mingdan ortiq kooperativ fermer xo‘jaligini o‘zida birlashtirgan va mamlakat bo‘ylab 50 mingdan ziyod xodimga ega.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish