Logo

O‘zbekiston elchisi Yaponiyaning Kosyu shahriga tashrif buyurib, hududlararo hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi

Mart 28, 2026. 10:30 • 2 daq

156
O‘zbekiston elchisi Yaponiyaning Kosyu shahriga tashrif buyurib, hududlararo hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi

KOSYU, 28-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Muxsinxuja Abduraxmonov Yaponiyaning Yamanasi prefekturasida joylashgan Kosyu shahriga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif doirasida elchi Kosyu shahri meri Sudzuki Mikio bilan uchrashdi. Suhbat davomida so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanayotgani taʼkidlandi. Ayniqsa, O‘zbekiston Prezidentining 2025 yil dekabr oyida Yaponiyaga qilgan tashrifi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqqani qayd etildi.

Shuningdek, Samarqand–Nara, Toshkent–Nagoya va Maydzuru–Rishton shaharlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yaxshi natija berayotgani aytildi.

Uchrashuvda Kosyu shahri bilan O‘zbekiston hududlari o‘rtasida yangi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklif qilindi. Tomonlar qishloq xo‘jaligi, bog‘dorchilik, vinochilik, mahsulotlarni qayta ishlash va agroturizm sohalarida hamkorlik qilish imkoniyatlarini muhokama qildi. Bu yo‘nalishlarni aniq belgilash uchun onlayn uchrashuv o‘tkazishga kelishib olindi.

Bundan tashqari, mehnat sohasida hamkorlik qilish, yaʼni mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha tajriba loyihasini amalga oshirish rejalashtirildi.

Tashrif davomida elchi mahalliy bog‘dorchilik va mevachilik korxonalari faoliyati bilan ham tanishdi. Jumladan, 1890 yilda tashkil etilgan “Marufuji Winery” kompaniyasi faoliyati o‘rganilib, vinochilik sohasida tajriba almashishga kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish