Logo

Nyu-Yorkda O‘zbekistonning JSST bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Mart 28, 2026. 13:30 • 2 daq

83
Nyu-Yorkda O‘zbekistonning JSST bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

NYU-YORK, 28-mart. /“Dunyo” AA/. 25 mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Tamila Aliyeva va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) Nyu-Yorkdagi ofisi rahbari Verner Obermeyer o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, «Yagona salomatlik» yondashuvini joriy etish hamda yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berildi.

JSST vakili O‘zbekistonga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami, jamoat salomatligini muhofaza qilish, majburiy tibbiy sug‘urtani joriy etish va sohani raqamlashtirish yo‘nalishlarida har tomonlama ko‘mak berishda davom etishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuvda bolalar onkologiyasi, nodir (orfan) kasalliklar va ruhiy salomatlik sohasidagi xalqaro hamkorlikka, shuningdek, Nyu-Yorkda ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro forum yakunlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Muloqot chog‘ida JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesusning O‘zbekistonga kutilayotgan tashrifi muhimligi taʼkidlandi. Mazkur tashrifga tayyorgarlik doirasida JSST bilan o‘zaro aloqalarni kengaytirishga qaratilgan yangi tashabbuslar muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar sog‘liqni saqlash tizimini transformatsiya qilish va aholi salomatligini mustahkamlash yo‘lidagi hamkorlikni yana-da kuchaytirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish