Poytaxtimizda “Tashkent Water Week 2026” xalqaro forumi ish boshladi
Mart 25, 2026. 18:13 • 2 daq
• 51
TOSHKENT, 25-mart. /“Dunyo” AA/. Poytaxtimizda “Tashkent Water Week 2026” xalqaro forumi ish boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
25–26-mart kunlari bo‘lib o‘tadigan xalqaro forum O‘zbekiston hukumati tashabbusi bilan Suv xo‘jaligi vazirligi, “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” MTU hamda Progressiv islohotlar markazi ko‘magida tashkil etildi.
Mazkur Toshkent suv haftaligining rasmiy ochilish marosimida ishtirokchilar “Suv resurslarini boshqarishda texnologiyalar va innovatsiyalar: Markaziy Osiyo va global suv sikli” mavzusida o‘tkazilgan yalpi majlisda ishtirok etdi.
Forum dasturi 16 ta sessiyadan iborat bo‘lib, ularda 30ga yaqin davlatdan 80 nafar spiker va 1 200 nafardan ortiq delegat qatnashmoqda. Ishtirokchilar sessiyalarda tajriba almashish, innovasion yondashuvlarni muhokama qilish va suv resurslarini boshqarishda qo‘shma strategiyalarni ishlab chiqish bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirish imkoniga ega bo‘ladi.
Dasturning alohida yo‘nalishi – suv xo‘jaligi sohasida ayollarning rolini rivojlantirishdir. Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti (IWMI) kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Women Water Week” tashabbusi yetakchilik, kasbiy rivojlanish va ayollarning sohadagi ishtirokini oshirish masalalariga bag‘ishlandi.
Ishtirokchilar suv ta’minotidagi texnologik va raqamli innovatsiyalar, suv resurslarini boshqarishdagi global tendensiyalar va asosiy muammolar, oziq-ovqat xavfsizligida suvning roli va tarmoqlararo hamkorlikni rivojlantirish kabi masalalarni o‘rgandi.
Umuman olganda, forum dasturi professional hamjamiyatning barcha darajalarini – hukumat vakillari va xalqaro tashkilotlardan tortib biznes, ilmiy hamjamiyat, yosh mutaxassislar va tadqiqotchilargacha birlashtirgan keng qamrovli platforma sifatida ishlab chiqilgan. Bu fan, amaliyot va biznes o‘rtasidagi hamkorlikni ta’minlaydi hamda ilmiy ishlanmalarni real sanoat yechimlariga samarali joriy etish uchun sharoit yaratdi.
Muhokamalar davomida ishtirokchilar iqlim o‘zgarishi sharoitida xalqaro hamkorlik, suv infratuzilmasini modernizatsiya qilishda xalqaro moliya institutlarining roli va oziq-ovqat va ijtimoiy xavfsizlikni ta’minlashda suv resurslarining ahamiyati kabi masalalarini ko‘rib chiqmoqda.
Forumning birinchi kuni nafaqat suv bilan bog‘liq muammolar ko‘lami, balki xalqaro hamjamiyatning ularni hamkorlik va umumiy mas’uliyat orqali hal qilishga intilishi ortib borayotganini ham ko‘rsatdi. Forumning ikkinchi kunida amaliy yondashuvlarni yanada birlashtirish va Toshkentning global suv muloqotining shakllanayotgan markazi sifatidagi rolini mustahkamlash kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi