“Kazinform” agentligi: O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalari eʼlon qilindi
Iyul 06, 2026. 14:30 • 2 daq
• 17
OSTONA, 6-iyul. /“Dunyo” AA/. Qozog‘istonning “Kazinform” axborot agentligida O‘zbekistonda o‘tkazilgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalariga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, bugungi kunda O‘zbekiston aholisining umumiy soni 39 million 47 ming 321 kishini tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich 1989-yilda o‘tkazilgan so‘nggi aholini ro‘yxatga olish maʼlumotlariga nisbatan ikki barobar ko‘pdir.
Taʼkidlanishicha, ushbu demografik tadbir Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoniga muvofiq, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va demografik ko‘rsatkichlari bazasini shakllantirish maqsadida amalga oshirildi.
Qozog‘iston axborot agentligi O‘zbekiston aholisining etnik tarkibi bo‘yicha ham maʼlumotlarni keltirgan. Unga ko‘ra, o‘zbeklar 89,4 foiz, tojiklar 3,3 foiz, qoraqalpoqlar 2,2 foiz, qozoqlar 1,8 foiz, ruslar 1,6 foiz, qirg‘izlar 0,6 foiz, turkmanlar esa 0,5 foizni tashkil etgan. Shu bilan birga, mamlakat aholisining 91,3 foizi o‘zbek tilini ona tili deb ko‘rsatgani maʼlum qilingan.
Nashrda taʼkidlanishicha, O‘zbekistonda 1989-yildan buyon aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilmagan edi. Pandemiya sababli ushbu jarayon avval 2022-yildan 2023-yilning noyabr oyiga, so‘ngra yana bir muddatga kechiktirilgan.
Ro‘yxatga olishning birinchi bosqichi 15–31-yanvar kunlari, ikkinchi bosqichi esa joriy yilning 4–28-fevral kunlari o‘tkazildi. Jarayon ikki asosiy yo‘nalishda — onlayn maʼlumot yig‘ish va uy-joylarga bevosita tashrif buyurib, so‘rovnoma o‘tkazish shaklida tashkil etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi