O‘zbekiston mikrobiologik o‘g‘itlari Misrda sinovdan o‘tkaziladi

Avgust 18, 2026. 14:30 • 2 daq

142
O‘zbekiston mikrobiologik o‘g‘itlari Misrda sinovdan o‘tkaziladi

QOHIRA, 18-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning “Agro EM Technology” kompaniyasi hamda Misr qishloq xo‘jaligi o‘g‘itlari qo‘mitasi vakillari o‘rtasida onlayn muzokara bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi va biotexnologiyalar sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida “Agro EM Technology” vakillari tomonidan yurtimizda ishlab chiqilgan, foydali mikroorganizmlar bazasiga asoslangan “mgumi organic” mikrobiologik o‘g‘itini Misr bozoriga olib kirish va mahalliy iqlim hamda tuproq sharoitlariga moslashtirgan holda hamkorlikda ishlab chiqish taklifi ilgari surildi.

O‘zbekiston tomoni ushbu mahsulotni Misrda muvaffaqiyatli ro‘yxatdan o‘tkazish va kelgusida tijoriy hamda texnologik sheriklikni yo‘lga qo‘yish maqsadida misrlik olimlar bilan birgalikda ilmiy baholash va dala sinovlarini o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.

O‘z navbatida, Misr qishloq xo‘jaligi o‘g‘itlari qo‘mitasi raisi Samir El Gundi mahsulotni Misrda rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish va sertifikatlash uchun zarur bo‘lgan huquqiy va texnik talablarni tushuntirib o‘tdi.

Misrlik mutaxassislar tomonidan mahsulot tarkibidagi har bir mikroorganizm turini aniqlash, ularning faolligi va konsentrat darajasini asoslash hamda ketma-ket ikki vegetatsiya mavsumi davomida tuproq va ekinlarga taʼsiri bo‘yicha laboratoriya hamda dala sinovlarini o‘tkazish zarurati taʼkidlandi.

Muzokaralar yakunida o‘zbekistonlik mutaxassislarning Misrga amaliy tashrifini uyushtirish, taqdimot o‘tkazish va dala sinovlarini boshlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish