Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi “An-Nasr” klubi Toshkentda “Paxtakor” bilan o‘ynaydi

Avgust 18, 2026. 15:30 • 2 daq

8
Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi “An-Nasr” klubi Toshkentda “Paxtakor” bilan o‘ynaydi

TOSHKENT, 18-avgust. /“Dunyo” AA/. Kuala-Lumpurda bo‘lib o‘tgan qurʼa tashlash marosimiga ko‘ra, “Paxtakor” va “Neftchi” jamoalarining OFK Elit Osiyo Chempionlar Ligasi 2026/27-yilgi mavsumi asosiy bosqichidagi raqiblari aniqlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Toshkent klubining telegram-kanaliga tayanib.

O‘zbekistonlik futbol muxlislari uchun asosiy voqealardan biri Saudiya Arabistonining “An-Nasr” jamoasining Toshkentga tashrifi bo‘ladi. Ar-Riyod jamoasi safarda “Paxtakor”ga qarshi bahs olib boradi. Shu tariqa, jahon futboli yulduzi Krishtianu Ronaldu O‘zbekiston poytaxtida ilk bor rasmiy klublar o‘rtasidagi o‘yinni o‘tkazishi mumkin.

“Paxtakor” o‘z maydonida Saudiya Arabistonining “An-Nasr” va “Al-Qodisiya” hamda Eronning “Traktor” va “Istiqlol” jamoalari bilan uchrashadi. Safarda esa Saudiyaning uch klubi — “Al-Ahli”, “Al-Hilol”, “Al-Ittihod” va Iroqning “Eyr Fors” jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

Poytaxt jamoasi maʼmuriyatining taʼkidlanishicha, turlar haqidagi maʼlumotlar, uchrashuvlarning aniq sanasi va vaqti keyinroq eʼlon qilinadi.

O‘zbekistonning amaldagi chempioni “Neftchi” esa Saudiya Arabistonining bir yo‘la 5 jamoasiga qarshi o‘yinlar o‘tkazadi: “Al-Ahli”, “Al-Hilol” va “Al-Ittihod”ga qarshi uyda, “An Nasr” va “Al-Qodisiya”ga qarshi safarda. Bundan tashqari, Farg‘ona jamoasini uyda Iroqning “Eyr Fors”, safarda Eronning “Istiqlol” hamda “Traktor” klublariga qarshi o‘yinlar kutmoqda.

Shu tariqa, o‘zbekistonlik muxlislar Toshkentda “An-Nasr” yulduzlari — Krishtianu Ronaldu, Sadio Mane, Kingsli Koman, Joau Feliks kabi yulduz futbolchilarning o‘yiniga guvoh bo‘lishi mumkin.

Qarshining “Nasaf” klubining ham Osiyo Chempionlar Ligasi 2 turniri guruh bosqichidagi raqiblari maʼlum bo‘ldi. Unga ko‘ra, qarshiliklar A guruhidan joy oldi. “Ajdarlar”ga ushbu guruhda BAAning “Al-Vahda”, Kuvaytning “Kuvayt SK” va Bahraynning “Al-Xaldiya” klublari raqiblik qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish