Muhammad Asif Nur: Pokiston va O‘zbekiston tarixiy yaqinlikdan strategik sheriklik sari dadil ildamlamoqda
Avgust 18, 2026. 15:00 • 4 daq
• 56
ISLOMOBOD, 18-avgust. /“Dunyo” AA/. Pokiston Tinchlik va diplomatik tadqiqotlar instituti ijrochi direktori Muhammad Asif Nur mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
– Samarqand va Buxoro haqida bir chiroyli o‘xshatish bor: bu tarixiy maskanlarda nur osmondan yerga emas, go‘yo yerdan samoga ko‘tariladi. Asrlar davomida bu o‘xshatish ushbu zaminning bilim va eʼtiqod manbai bo‘lib kelgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonning barcha hududida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlat yetakchisining oqilona siyosati tufayli Markaziy Osiyo mamlakatlari yana-da yaqinlashib, mintaqani keng dunyoga ochilmoqda.
Ichki islohotlar O‘zbekistonga iqtisodiy ishonchni oshirdi. Qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarning yaxshilanishi mintaqaviy barqarorlikni taʼminlamoqda. Transport va savdo aloqalarining kengayishi barqarorlikni umumiy imkoniyatga aylantirmoqda.
“Yangi O‘zbekiston” dasturi davlat boshqaruvining yo‘nalishini o‘zgartirib, fuqarolar ehtiyojlariga javob beradigan, tadbirkorlik, investitsiyalar va ijtimoiy himoyani milliy siyosat markaziga olib chiqdi.
O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti 2025-yilda 145 milliard dollardan oshdi, eksport hajmi 33,4 milliard dollarga yetdi, xorijiy investitsiyalar 43 milliard dollardan ortdi. Yil davomida iqtisodiyot 7,7 foizga o‘sdi, 2026-yil birinchi choragida esa yillik hisobda 8,7 foizlik o‘sish qayd etildi. 2025-yil davomida kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizga tushdi va qariyb 1,5 million kishi kambag‘allikdan chiqdi.
Mamlakat rahbarining tashqi siyosatdagi eng muhim yutug‘i O‘zbekistonning yaqin qo‘shnichilik muhitini o‘zgartirganidir. 2017-yilda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari tashqi vositachiliksiz muhim muloqot maydonini yaratdi. Chegara punktlari qayta ochildi, transport aloqalari kengaydi, suv, energetika va savdo sohalaridagi hamkorlik yana-da pragmatik tus oldi.
2025-yil mart oyida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida imzolangan, uch davlat chegaralari tutash nuqtasiga oid kelishuv Farg‘ona vodiysida o‘nlab yillar davomida mavjud bo‘lgan muammoni hal etishga yordam berdi. Bu siyosiy iroda bahsli chegaralarni umumiy iqtisodiy makonga aylantirishi mumkinligini namoyish etdi.
O‘zbekistonning Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan savdo aylanmasi 2016-yildagi 2,4 milliard dollardan 2024-yilda 7,2 milliard dollarga yetdi. Markaziy Osiyo tobora umumiy manfaatlarga ega, kuchli pozitsiyani ifoda etadigan mintaqa sifatida namoyon bo‘lmoqda.
2026-yil iyul oyida Cho‘lponota shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari va Ozarbayjon o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Afg‘onistonni bog‘laydigan yagona taraqqiyot makonini yaratishni taklif qildi. O‘zbekistonning mintaqalarni o‘zaro bog‘lovchi ushbu tashabbusi muhim strategik ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston 2022-yilda BMT Bosh Assambleyasining Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlash to‘g‘risidagi rezolyutsiyasi orqali xalqaro eʼtirofga erishdi. 2025-yilda boshlangan va 2026-yilda yana o‘tkazilgan doimiy Termiz muloqoti endi diplomatik tashabbusni hukumatlar, biznes va mintaqaviy institutlar o‘rtasidagi amaliy muvofiqlashuvga aylantirmoqda.
Markaziy Osiyo Afg‘oniston hududi orqali transport yo‘llarisiz Janubiy Osiyo bozorlariga to‘liq chiqa olmaydi. Shu bois taklif etilayotgan O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston temir yo‘li nafaqat transport koridori, balki iqtisodiy ishtirokni Afg‘onistonning barqarorlik sari harakatining bir qismiga aylantirishga qaratilgan tashabbusdir.
2025-yil iyul oyida Kobulda imzolangan hukumatlararo bitim, Termiz–Xarlachi yo‘nalishining tanlanishi va texnik-iqtisodiy asoslash tadqiqotini birgalikda moliyalashtirish loyihaga yana-da aniqlik berdi. Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li kabi yo‘nalishlar bilan bog‘langan holda, bu koridor Markaziy Osiyoga Pokiston dengiz portlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkonini berishi, shu bilan birga tranzit daromadlari, ish o‘rinlari va Afg‘oniston ichida tinchlikni rag‘batlantiruvchi iqtisodiy manfaatlarni yaratishi mumkin.
Pokiston ushbu strategiyaning muhim janubiy tayanch nuqtasidir. Ikki mamlakat Buyuk Ipak yo‘li va Boburiylar davriga borib taqaladigan umumiy sivilizatsion merosga ega. Biroq Prezident Mirziyoyev munosabatlarni tarixiy yaqinlik doirasidan chiqarib, institutsional va iqtisodiy sheriklik darajasiga olib chiqdi.
Uning 2026-yil fevral oyida Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi va Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi ikki tomonlama munosabatlarda yangi bosqichni boshlab berdi. 2025-yil oxiriga kelib savdo hajmi qariyb 500 million dollarga yetdi, O‘zbekistonda Pokiston kapitali ishtirokidagi taxminan 230 ta korxona faoliyat yuritayotgan edi. Ikki hukumat 2029-yilga qadar savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish maqsadini belgiladi va qariyb 3,5 milliard dollarlik loyihalar portfelini shakllantirdi.
Imtiyozli savdo bitimini kengaytirish, O‘zbekiston–Pokiston Biznes kengashi, mintaqalararo forum hamda farmatsevtika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, konchilik va texnologiya sohalaridagi hamkorlik o‘sish uchun amaliy poydevor yaratmoqda. Pokiston O‘zbekistonga Arab dengiziga va 240 milliondan ortiq aholiga ega bozorga chiqish imkonini beradi. O‘zbekiston esa Pokiston uchun Markaziy Osiyo bozorlari va kengroq Yevroosiyo taʼminot tarmoqlariga kirish nuqtasini taqdim etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi