Logo

Muhammad bin Said al-Hajriy: Toshkentda barpo etilgan yirik madaniy markaz O‘zbekistonning boy tarixi va sivilizatsion merosini aks ettiradi

Aprel 25, 2026. 15:25 • 3 daq

86
Muhammad bin Said al-Hajriy: Toshkentda barpo etilgan yirik madaniy markaz O‘zbekistonning boy tarixi va sivilizatsion merosini aks ettiradi

MASKAT, 25-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘mon Davlat kengashi (parlamentning yuqori palatasi) aʼzosi, senator Muhammad bin Said al-Hajriy “Dunyo” AA muxbiriga yangi barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Senatorning taʼkidlashicha, Toshkent shahrida barpo etilgan ushbu yirik madaniy markaz nafaqat arxitektura jihatidan, balki mazmunan ham O‘zbekistonning boy tarixi va sivilizatsion merosini aks ettiradi. Bu markaz xalqning ilmiy salohiyati, maʼnaviy dunyosi va islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasini namoyon etadi.

O‘zbekistonni buyuk tarixga ega mamlakat sifatida, qadimdan “Movarounnahr” nomi bilan mashhur bo‘lgan. Ushbu hudud islom olamiga ko‘plab buyuk allomalarni yetishtirib bergan. Jumladan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, az-Zamaxshariy, al-Farg‘oniy, Ibn Sino, al-Xorazmiy, al-Beruniy kabi ulug‘ zotlar nafaqat islom ilm-fani, balki butun insoniyat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan.

Muhammad al-Hajriyning aytishicha, Islom sivilizatsiyasi markazi aynan ana shu buyuk merosning davomi sifatida namoyon bo‘ladi. Bugun ko‘plab davlatlar o‘z madaniyati va sivilizatsion yutuqlarini namoyon etuvchi shunday markazlarni yaratishga intilayotgan bir paytda, O‘zbekistonda bunday muassasaning tashkil etilishi juda muhim ahamiyatga ega.

U bu markazning ahamiyatini ikki muhim jihatda izohlagan. Birinchisi – tashqi ahamiyat. Yaʼni, bu markaz dunyoga O‘zbekiston xalqi hanuzgacha ijod qilish, ilm-fanga hissa qo‘shish va insoniyat taraqqiyotiga xizmat qilish salohiyatiga ega ekanini namoyon etadi. Shu bilan birga, baʼzi noto‘g‘ri tasavvurlarni rad etib, islom sivilizatsiyasining haqiqiy mohiyatini ochib beradi.

Ikkinchi jihat – ichki ahamiyatdir. Bunday markazlar xalqning o‘z tarixi va ildizlari bilan bog‘liqligini mustahkamlaydi, yosh avlodga ajdodlar merosini yetkazadi. Bu esa o‘z navbatida, millatning o‘zligini anglashini kuchaytiradi va uni boshqa xalqlar bilan ishonch asosida muloqot qilishga undaydi.

Senator markazda so‘nggi zamonaviy texnologiyalardan o‘z o‘rnida foydalanilganini yuqori baholagan. Uning fikricha, tarixni zamonaviy va interaktiv usullarda taqdim etish, ayniqsa yoshlar uchun juda muhim. Chunki bu usul orqali inson nafaqat maʼlumot oladi, balki maʼnaviy taʼsirni ham his qiladi.

Shuningdek, u O‘zbekistonning boy madaniy merosi, ko‘plab tarixiy obidalari va ilmiy salohiyati mamlakatga xalqaro madaniy hamkorlikni rivojlantirish imkonini berishini taʼkidladi. Bunday markazlar turli davlatlar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.

Muhammad al-Hajriy bunday muassasalar mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, ayniqsa, islom olami davlatlari o‘rtasida madaniy va ilmiy aloqalarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish