Logo

“Daily News Hungary”: Toshkent xalqaro forumi yangi investitsiya imkoniyatlarini ochadi

Aprel 25, 2026. 14:55 • 2 daq

69
“Daily News Hungary”: Toshkent xalqaro forumi yangi investitsiya imkoniyatlarini ochadi

BUDAPESHT, 25-aprel. /“Dunyo” AA/. Vengriyaning “Daily News Hungary” nashrida joriy yilning 16–19-iyun kunlari O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumi haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda yozilishicha, bu galgi forum global noaniqlik sharoitida kapitalni himoya qilish va bozorlarda strategik yo‘nalishlarni belgilash masalalarini qamrab oladi.

Maqolada O‘zbekiston iqtisodiyotining makroiqtisodiy natijalari alohida eʼtirof etilgan. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, mamlakat YAIM 7,7 foizga o‘sib, 147 milliard dollardan oshdi. Bu mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir.

Shuningdek, “Fitch Ratings” va “S&P Global” agentliklari mamlakat suveren reytingini “BB” darajasigacha ko‘targani O‘zbekistonning fundamental transformatsiyasini ifodalaydi.

Forumning markaziy mavzusi sifatida 2026-yil mart oyida tashkil etilgan Toshkent xalqaro moliya markazi belgilangan. Mazkur markaz investorlar uchun alohida huquqiy rejim, soliq imtiyozlari va xalqaro arbitraj (TIAC) kabi qulayliklarni taqdim etadi. Jahonning yetakchi moliya markazlari rahbarlari ishtiroki forum nufuzini yana-da oshiradi.

Forum dasturi to‘rtta asosiy blokka bo‘lingan: investitsiyaviy barqarorlik, moliyaviy infratuzilma, transport-logistika koridorlari va energetika transformatsiyasi. Energetika sohasida O‘zbekiston 2030-yilgacha qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 54 foizga yetkazishni maqsad qilgan. Hozirda mamlakatda 4 GVt quvvatga ega quyosh va shamol stansiyalari ishlab turgan bo‘lsa, yana 19 GVt.lik loyihalar portfeli mavjudligi xorijiy investorlar uchun ulkan imkoniyat sifatida ko‘rsatilgan.

Uchrashuvlar doirasida Janubiy Koreya, AQSH, Vengriya, Turkiya va boshqa mamlakatlar bilan ikki tomonlama biznes-forumlar, SHHT davlatlari doirasida investitsiyaviy muloqotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish