«Mundo Ruso Hablante»: O‘zbekiston–Gruziya turizm hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Iyul 06, 2026. 17:30 • 2 daq
• 19
MADRID, 6-iyul. /“Dunyo” AA/. Ispaniyaning “Mundo Ruso Hablante” nashrida “Turizm – iqtisodiy rivojlanish ko‘prigi: O‘zbekiston–Gruziya munosabatlarining yangi bosqichi” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda yozilishicha, O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada sayyohlik infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yangi turistik markazlar barpo etish hamda transport infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishlarida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Maqolada turizm sohasidagi yuqori o‘sish surʼatlarini tasdiqlovchi statistik maʼlumotlar keltirilgan. Xususan, 2025-yilda O‘zbekistonga 11,7 million nafar xorijiy turist tashrif buyurgan bo‘lsa, 2026-yilning dastlabki besh oyida chet ellik sayyohlar soni 5,35 million nafardan oshdi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27,3 foizga ko‘pdir. Bundan tashqari, BMT Turizm (UN Tourism) maʼlumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida O‘zbekiston xalqaro turizm o‘sish surʼatlari bo‘yicha dunyodagi yetakchi besh mamlakat qatoridan joy oldi.
Materialda turizm sohasidagi O‘zbekiston–Gruziya hamkorligini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar ko‘p yillik shartnomaviy-huquqiy bazaga asoslangan. Shu bilan birga, mazkur yo‘nalish qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, tajriba almashish, xalqaro turistik forum va ko‘rgazmalarda ishtirok etish, shuningdek, ikki davlat o‘rtasida transport qatnovini kengaytirish hisobiga izchil rivojlanib bormoqda.
O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi va Gruziya Milliy turizm administratsiyasi o‘rtasidagi 2024–2026-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi haqida ham alohida to‘xtalib o‘tilgan. Ushbu hujjat sheriklikni yana-da mustahkamlash, ikki mamlakatning turistik salohiyatini targ‘ib qilish hamda qo‘shma tashabbuslarni hayotga tatbiq etishga qaratilgan.
Muallifning taʼkidlashicha, ikki davlat o‘rtasida o‘zaro sayyohlar oqimi tobora ortib bormoqda. Agar 2019-yilda O‘zbekistonga 2 ming 916 nafar Gruziya fuqarosi tashrif buyurgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 6 ming 792 nafarga yetdi. 2026-yilning dastlabki besh oyida esa Gruziyadan kelgan sayyohlar soni 3 ming 328 nafarni tashkil etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi