Donald Tramp Anqaradagi NATO sammitida Ukraina va Suriya prezidentlari bilan muzokara o‘tkazadi

Iyul 06, 2026. 17:00 • 3 daq

95
Donald Tramp Anqaradagi NATO sammitida Ukraina va Suriya prezidentlari bilan muzokara o‘tkazadi
“AP” agentligi surati

VASHINGTON, 6-iyul. /“Dunyo” AA/. AQSH prezidenti Donald Tramp Anqarada bo‘lib o‘tadigan NATO sammitida qatnashib, Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy va Suriyaning muvaqqat rahbari Ahmad ash-Sharaa bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Anadolu” agentligiga tayanib.

Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Anna Kelli va AQSHning NATOdagi doimiy vakili Mett Uitakerning qo‘shma brifingda maʼlum qilishicha, muzokaralardan so‘ng Amerika prezidenti matbuot anjumani o‘tkazib, Turkiyaga tashrifiga yakun yasaydi.

Muzokaralarning asosiy mavzusi Ukrainadagi mojaroga barham berishga qaratilgan diplomatik saʼy-harakatlar bo‘ladi. AQSH maʼmuriyati vakillariga ko‘ra, jangovar harakatlarning davom etishi har ikki tomon uchun og‘ir talafot va vayronagarchiliklarga olib kelmoqda. Bu esa muzokaralar jarayonini faollashtirish zaruratini kuchaytiradi.

Tomonlar mojarodan chiqishning ehtimoliy siyosiy va diplomatik mexanizmlarini, front chizig‘idagi vaziyatning umumiy dinamikasini muhokama qilishi kutilmoqda. Davom etayotgan urush sharoitida xalqaro xavfsizlik kafolatlari va bo‘lajak muzokaralar formatlari masalasi Kiyev hamda Vashington o‘rtasidagi muloqotning markaziy unsurlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Sammitga tayyorgarlik fonida Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Donald Tramp o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Kreml maʼlumotlariga ko‘ra, suhbat qariyb 1,5 soat davom etgan. Unda Ukraina atrofidagi vaziyat hamda Turkiyada bo‘lib o‘tadigan xalqaro uchrashuvlar muhokama qilingan.

Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, Vladimir Putin Donald Trampni AQSH mustaqilligining 250 yilligi bilan tabriklagan. Suhbat davomida mojarolarni hal etish istiqbollari muhokama qilingan. Amerika yetakchisi jangovar harakatlarni tezroq to‘xtatish uchun yechimlar topishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirgan.

Rossiya tomoni Moskvaning o‘z yondashuvlarini hisobga olgan holda, masalani siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal qilish zarurligiga eʼtibor qaratgan. Shuningdek, harbiy-siyosiy va iqtisodiy masalalarda doimiy aloqalarni saqlab qolish muhimligi qayd etildi.

Xabar qilinishicha, AQSH prezidentining maxsus elchilari Stiv Uitkoff va Jared Kushner vositachilik saʼy-harakatlarini davom ettiradi va zarurat tug‘ilsa, Moskvaga tashrif buyurishga tayyor. Avvalroq, Kreml uzoq tanaffusdan so‘ng Qo‘shma Shtatlarning vositachilik harakatlari qayta tiklanishiga umid bildirgan edi.

Ayni shu kuni Donald Tramp va Vladimir Zelenskiy o‘rtasida alohida telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. Suhbat chog‘ida front chizig‘idagi vaziyat hamda mojaroni hal qilish yo‘llarini izlashga qaratilgan diplomatik saʼy-harakatlar muhokama qilindi.

Ukraina yetakchisi o‘z bayonotlarida mavjud vaziyat va muzokaralarning ehtimoliy formatlari bilan bog‘liq xalqaro tashabbuslar muhokama qilinganini qayd etdi.

NATOning Anqaradagi sammiti 7­–8-iyul kunlari global xalqaro kun tartibi fonida bo‘lib o‘tadi. Oq uy vakillariga ko‘ra, AQSH bir vaqtning o‘zida mojaroga barham berish bo‘yicha diplomatik saʼy-harakatlarni kuchaytirishga va ittifoqchilar bilan hamkorlikni saqlashga intilmoqda. Ayni paytda alyans ichida mudofaa majburiyatlarini taqsimlash va Yevropa xavfsizligiga oid keyingi strategiya yuzasidan muhokamalar davom etmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish