Londonda bo‘lib o‘tgan xalqaro forum va uchrashuvlarda O‘zbekiston taʼlim tizimini jahon standartlarga moslashtirish masalasi muhokama qilindi
May 11, 2026. 09:10 • 2 daq
• 226LONDON, 11-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Sardor Rahimboyev Londonda bo‘lib o‘tgan xalqaro forumda ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Forum “British Council”, “Advance HE” va “Universities UK International” hamkorligida tashkil etildi. Unda dunyoning 22 mamlakatidan oliy taʼlim sohasi va davlat tuzilmalari vakillari, xalqaro ekspertlar hamda universitetlar rektorlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda taʼlim muassasalarida transformatsiya jarayonlarini samarali boshqarish, sifatni taʼminlash va xalqaro standartlarni saqlagan holda taʼlim qamrovini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, o‘quv jarayoniga raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni joriy etish, transmilliy taʼlim va xalqaro akademik mobillikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Universitetlar faoliyatining moliyaviy barqarorligi va uni diversifikatsiya qilish, shuningdek, inklyuziv taʼlim hamda gender tengligini taʼminlash sohasidagi xalqaro tajribaga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Tashrif doirasida Sardor Rahimboyev “King‘s College London”, “UCL”, “Regent‘s University London”, “AMBA & BGA”, “University of York” hamda London universitetining “SOAS” kolleji vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar O‘zbekistonda xalqaro standartlar asosida taʼlim sifatini taʼminlash tizimini rivojlantirish, akkreditatsiya jarayonlariga xorijiy ekspertlarni jalb etish hamda kadrlar salohiyatini oshirish masalalari bo‘yicha fikr almashdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi








