Baliqchida xalqaro standartlarga mos sport anjomlari ishlab chiqarilmoqda
Sentabr 23, 2026. 18:50 • 2 daq
• 73
TOSHKЕNT, 23-sentabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Baliqchi tumanidagi “LB Sport” korxonasi faoliyati bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimizda sport industriyasini rivojlantirish, sohaga xususiy sektorni keng jalb qilish va mahalliy ishlab chiqarishni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda import o‘rnini bosadigan, xalqaro standartlarga mos sifatli sport anjomlari ishlab chiqarish muhim ahamiyatga ega.
“LB Sport” sport anjomlari ishlab chiqaruvchi yetakchi mahalliy korxonalardan biridir. Korxona 20 dan ortiq sport federatsiyasi bilan hamkorlik qilmoqda.
Mazkur loyiha davlatimiz rahbarining joriy yil 24-martdagi sport sohasiga tadbirkorlik subyektlarini jalb qilishni kengaytirishga doir qarori asosida amalga oshirilgan.
Loyihaning umumiy qiymati 25 milliard so‘m bo‘lib, to‘liq tadbirkorning o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan. Korxonada 18 ta sport turi bo‘yicha 65 xil mahsulot ishlab chiqariladi. Yiliga 500 ming dona, umumiy qiymati 75 milliard so‘m bo‘lgan sport anjomlari tayyorlanadi.
Mahsulotlar sifat jihatidan xorijiy muqobillari bilan raqobatlasha oladi, narxi esa nisbatan arzon. Ular Qozog‘iston, Qirg‘iziston va MDHning boshqa davlatlariga eksport qilinmoqda. Yillik eksport hajmi 3 million dollarni tashkil etadi.
Korxona faoliyatida aholi bandligini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilgan. Baliqchi tumanidagi 800 ta kam daromadli oila bilan kasanachilik asosida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Kasanachilarning 90 foizini ayollar tashkil etadi, 65 foizi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir. Mazkur tizim aholiga o‘z xonadonida mehnat qilib, barqaror daromad olish imkonini bermoqda.
Korxonada ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi yo‘lga qo‘yilgan. Tumandagi 1- va 2-son texnikumlarning 100 nafar o‘quvchisi dual ta’lim asosida o‘qitilmoqda. Ular nazariy bilimlarini bevosita ishlab chiqarish jarayonida mustahkamlamoqda.
Davlatimiz rahbari ishlab chiqarish jarayoni va tayyor mahsulotlar namunalarini ko‘zdan kechirdi.
Korxonaning istiqboldagi rejalari haqida axborot berildi. Ishlab chiqarish yo‘nalishlarini kengaytirish maqsadida 2027-yilda xorijiy investitsiyalar ishtirokida sport velosipedlari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Shu yerning o‘zida iqtidorli yoshlar, korxona ishchilari bilan samimiy muloqot qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi