Baliqchi tumanidagi parrandachilik klasterida 10 million dollarlik yangi loyihalar amalga oshiriladi
Sentabr 23, 2026. 20:35 • 2 daq
• 93
TOSHKЕNT, 23-sentabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifi davomida bugun Baliqchi tumanidagi “Sokin savdo servis” parrandachilik klasteri faoliyati bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, parranda go‘shti parhezbopligi va hamyonbopligi bilan aholi ratsionida muhim o‘rin tutadi. Shu bois, mamlakatimizda yirik parrandachilik majmualarini tashkil etish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va bozorni sifatli mahsulotlar bilan barqaror ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mazkur parrandachilik klasteriga 2010-yilda asos solingan. Bugungi kunda uning Andijon viloyatida 5 ta, Namangan viloyatida 3 ta xo‘jaligi mavjud. Toshkent viloyatidagi korxonada esa parrandalar uchun ozuqa ishlab chiqariladi.
Klasterda ozuqa tayyorlash, parranda boqish, so‘yish, go‘shtni qayta ishlash, qadoqlash va iste’molchiga yetkazib berishni qamrab olgan to‘liq ishlab chiqarish zanjiri yaratilgan. Go‘shtni qayta ishlash majmuasi avtomatlashtirilgan bo‘lib, yuqori gigiyenik talablarga javob beradi.
Loyihaning umumiy qiymati 29 million dollarni tashkil etadi. Klasterda 417 nafar kishi mehnat qilmoqda.
Ayni paytda majmuada 1,5 million dona broyler tovug‘i parvarishlanmoqda. Yiliga 8,2 million dona broyler boqish va 20,6 ming tonna parranda go‘shti yetishtirish imkoniyati mavjud.
Majmuada yiliga 55 ming tonna tovuq go‘shti va yarim tayyor mahsulotlarni qayta ishlash quvvatlari yaratilgan. Mahsulotlar “Halol”, HACCP va ISO standartlari asosida ishlab chiqariladi.
Joriy yil boshidan klasterda naslchilik yo‘nalishi ham yo‘lga qo‘yildi. Hozirda 25 ming dona naslli ona tovuq parvarishlanib, yiliga 9 million dona tuxumdan 7,6 million dona broyler jo‘ja olish rejalashtirilgan.
2027-yil yakuniga qadar parranda chiqindilarini qayta ishlashga mo‘ljallangan rendering liniyasi ishga tushiriladi hamda parranda boqishda ko‘p qavatli katak tizimi joriy etiladi. Ushbu ikki loyihaga 10 million dollar yo‘naltiriladi.
Shuningdek, faoliyati to‘xtab qolgan yoki moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan parrandachilik xo‘jaliklarini klaster bilan yagona kooperatsiya tizimiga birlashtirish taklif etilmoqda. Ushbu tashabbus 350-400 ta ish o‘rnini qayta tiklash va qo‘shimcha 1,7 million dona parranda yetishtirish imkonini beradi.
Davlatimiz rahbariga klasterdagi ishlab chiqarish jarayonlari, tayyor mahsulotlar va istiqbolda amalga oshiriladigan yangi loyihalar haqida axborot berildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi