O‘zbekiston Prezidenti Baliqchi tumanidagi korxonaning baliq yetishtirish loyihasi bilan tanishdi

Sentabr 23, 2026. 19:40 • 3 daq

65
O‘zbekiston Prezidenti Baliqchi tumanidagi korxonaning baliq yetishtirish loyihasi bilan tanishdi

TOSHKЕNT, 23-sentabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Baliqchi tumanidagi “Chinobod real biznes” korxonasining baliq yetishtirish loyihasi bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimizda baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish va unga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda yer va suv resurslaridan oqilona foydalanib, kichik maydonlarda intensiv usulda yuqori hosil olish muhim ahamiyatga ega.

“Chinobod real biznes” korxonasida ana shunday zamonaviy tizim yo‘lga qo‘yilgan. Loyiha davlatimiz rahbarining joriy yil 2-iyuldagi baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga oid farmoni asosida amalga oshirilgan. Korxona vodiydagi baliqchilik xo‘jaliklarining forel chavog‘iga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi.

Loyihaning umumiy qiymati 30 milliard so‘mni tashkil etadi. Korxonada 30 ta ish o‘rni yaratilgan.

Ikki gektar maydondagi zamonaviy majmuada yiliga 200 tonna baliq go‘shti va 2,5 million dona baliq chavog‘i yetishtiriladi. Yillik ishlab chiqarish hajmi 50 milliard so‘mni tashkil etadi.

Intensiv texnologiyalar qo‘llanilishi natijasida ikki gektar maydonda an’anaviy usuldagi 100 gektarlik havzalar bilan teng hajmda mahsulot yetishtirish imkoniyati yaratilgan.

Majmuada ikki million litr hajmdagi suvni tabiiy usulda tozalash imkonini beruvchi laboratoriya ham tashkil etilgan. Unda suv sifatini yaxshilaydigan xlorella suv o‘ti yetishtiriladi. Ushbu ekologik toza tizim baliq yetishtirish samaradorligini yana 15-20 foizga oshirishga xizmat qiladi.

Korxonaning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji quyosh panellari hisobidan to‘liq qoplanadi. Baliq yetishtiriladigan hovuzlardan chiqqan fosfor, ammiak va kalsiy kabi tabiiy moddalarga boy suv ham isrof qilinmay, ekinlarni sug‘orishga yo‘naltiriladi. Shu tariqa majmuada resurslardan qayta foydalanishning yaxlit tizimi yaratilgan.

Korxona Qirg‘iziston, Tojikiston va Afg‘onistonga yiliga 2 million dona forel chavog‘i eksport qiladi. Yillik eksport hajmi 2 million dollar, budjetga tushum esa 5 milliard so‘mni tashkil etadi.

Loyiha aholi bandligini ta’minlashga ham xizmat qilmoqda. Baliqchi tumanidagi Sarvul mahallasida 20 ta xonadon korxona bilan kooperatsiya asosida forel yetishtirib, qo‘shimcha daromad olmoqda.

Majmuada ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi ham yo‘lga qo‘yilgan. Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti bilan hamkorlikda “Baliqchilik va parrandachilik amaliyot markazi” tashkil etilgan. Bu yerda talabalar nazariy bilimlarini ishlab chiqarish jarayonida mustahkamlab, amaliy ko‘nikma orttirmoqda.

Davlatimiz rahbari bunday yuqori samarali loyihalar aholi bandligini ta’minlash va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Mutasaddilarga kichik maydonlarda intensiv usullarni qo‘llash orqali mahsulot hajmini bir necha barobar oshirish bo‘yicha ushbu tajribani keng ommalashtirish va yangi loyihalarni ko‘paytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish