Baliqchi tumanida yoshlar uchun sun’iy intellekt markazi tashkil etildi

Sentabr 23, 2026. 19:55 • 2 daq

64
Baliqchi tumanida yoshlar uchun sun’iy intellekt markazi tashkil etildi
Baliqchi tumanida yoshlar uchun sun’iy intellekt markazi tashkil etildi

TOSHKЕNT, 23-sentabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Baliqchi tumanidagi Sun’iy intellekt markaziga tashrif buyurib, yoshlarning startap loyihalari bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, “Akademiya IT Star” korxonasi tomonidan tashkil etilgan ushbu markaz davlatimiz rahbarining 2024-yil 26-fevraldagi raqamlashtirish sohasida xizmatlar eksportini rivojlantirishga doir qarori asosida barpo etilgan.

Axborot texnologiyalari yoshlar uchun eng talab yuqori bo‘lgan sohalardan biriga aylanmoqda. Shu bois, hududlarda zamonaviy AT kasblarni egallash, amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish va raqobatbardosh dasturiy mahsulotlar yaratish uchun sharoitlarni kengaytirish muhim ahamiyatga ega.

Loyihaning umumiy qiymati 15 milliard so‘mni tashkil etib, 100 ta ish o‘rni yaratilgan.

Markaz qishloq va tuman yoshlariga boshqa hududlarga bormasdan, o‘z yashash joyida zamonaviy bilim va kasblarni egallash imkonini bermoqda. Bu yerda marketing, dasturlash va robototexnika yo‘nalishlarida ta’lim berilib, yoshlar olgan bilimlarini amaliy loyihalarda qo‘llamoqda.

Muassasa imkoniyatlaridan mahalliy tadbirkorlar ham samarali foydalanmoqda. Ularga sun’iy intellekt asosida biznesni rivojlantirish bo‘yicha maslahat va AT xizmatlari ko‘rsatiladi. Shu kunga qadar 500 dan ortiq tadbirkorlik subyektiga jami 8,5 milliard so‘mlik xizmat ko‘rsatilgan.

Bugungi kunda viloyatdagi 65 mingta tadbirkorlik subyekti uchun SMM-menejer, mobilograf, grafik dizayner, marketolog, ma’lumotlar tahlilchisi va sun’iy intellekt mutaxassislariga ehtiyoj 129 ming nafardan ortiqni tashkil etmoqda. Markazdagi ta’lim dasturlari ana shu talabdan kelib chiqib shakllantirilgan.

Davlatimiz rahbari yoshlar yaratgan startaplar bilan yaqindan tanishib, ularning bilim va intellektual salohiyatiga yuqori baho berdi. Samimiy muloqot davomida yigit-qizlar mamlakatimizda startap ekotizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan yangi tashabbus va takliflarini bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish