Olmaotada xalqaro ko‘rgazmada O‘zbekiston turizm imkoniyatlari namoyish qilindi
Aprel 27, 2026. 11:55 • 2 daq
• 209OLMAOTA, 27-aprel. /“Dunyo” AA/. Olmaota shahrida o‘tkazilgan “KITF–2026” xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasida O‘zbekiston stendi ham namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur ko‘rgazma dunyoning 24 mamlakatidan 414 ta kompaniyani birlashtirdi. Tadbir turizm biznesi vakillari, soha ekspertlari va keng jamoatchilik uchun muhim muloqot maydoniga aylandi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston anʼanaviy tarzda milliy stendda o‘zining turizm salohiyatini namoyish qildi. Unda O‘zbekistonning Olmaotadagi Bosh konsulxonasi, Turizm qo‘mitasi, yetakchi turoperatorlar va sayyohlik kompaniyalari, mehmonxona sektori vakillari, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi vakolatxonasi, hunarmandlar va xalq amaliy sanʼati ustalari ishtirok etdi.
Mamlakatimiz milliy stendi ko‘rgazmaning eng ko‘zga ko‘ringan va ommabop maydonlaridan biriga aylandi. Tashrif buyuruvchilarga Samarqand, Buxoro va Xiva bo‘ylab madaniy-maʼrifiy yo‘nalishlar, gastronomik, ziyorat va maʼnaviy turizm sohasidagi takliflar hamda yangi sayyohlik mahsulotlari taqdim etildi.
Ko‘rgazmada ilk bor qatnashayotgan hunarmandlarning ishtiroki tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Unda xalq amaliy sanʼatining anʼanaviy turlari, jumladan, to‘qimachilik, badiiy kashtachilik va metalldan yasalgan buyumlar namoyish etildi. Jonli namoyishlar va mahsulotlar bilan bevosita tanishish imkoniyati mamlakatning madaniy o‘ziga xosligini yana-da to‘liqroq ochib berishga xizmat qildi.
Shuningdek, “Ipak yo‘li” dasturi doirasida mintaqalararo sayyohlik yo‘nalishlarini rivojlantirishga hamda O‘zbekiston va Qozog‘istonning qo‘shma sayyohlik mahsulotlarini ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.
Uch kun davom etgan mazkur tadbirda milliy stendga 3 mingdan ortiq kishi, jumladan, sayyohlik kompaniyalari vakillari, sarmoyadorlar va sayyohlar tashrif buyurdi.
Xorijiy turoperatorlarning taʼkidlashicha, O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi va o‘ziga xos hunarmandchilik anʼanalarining uyg‘unligi noyob va talabgor sayyohlik mahsulotini shakllantirmoqda.
Ishbilarmonlik dasturi doirasida delegatsiya turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



