Toshkent va Lahor shaharlari o‘rtasida qo‘shimcha muntazam yangi aviaqatnov yo‘lga qo‘yildi
Aprel 21, 2026. 17:38 • 3 daq
• 73ISLOMOBOD, 21-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning xususiy “Centrum Air” aviakompaniyasi “Toshkent-Lahor-Toshkent” yo‘nalishida qo‘shimcha muntazam havo qatnovlarini yo‘lga qo‘ydi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Shu yil 21 aprel kuni mazkur aviakompaniyaning “SU 6561” reysi mahalliy vaqt bilan soat 06:30 da Lahor shahridagi Alloma Iqbol nomidagi xalqaro aeroportga muvaffaqiyatli qo‘ndi.
Lahor xalqaro aeroportida ilk parvoz xalqaro aviatsiya tartib-taomillariga muvofiq tantanali ravishda suv arkasi bilan kutib olindi va rasmiy marosim tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev, O‘zbekistonning Panjob provinsiyasidagi faxriy konsuli Najib Vohra, Alloma Iqbol nomidagi xalqaro aeroport rahbariyati, havo kemasi komandiri va ekipaj aʼzolari, yetakchi turistik kompaniyalar vakillari, mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda Toshkentdan uchib kelgan va Lahordan yo‘lga chiqayotgan yo‘lovchilar ishtirok etdi.
Ilk parvozni kutib olish marosimida so‘zga chiqqan Pokiston vakillari “Toshkent–Lahor–Toshkent” yo‘nalishida yo‘lga qo‘yilgan navbatdagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, O‘zbekiston hududlari va Karachi shahri o‘rtasida ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish zarurligi taʼkidlandi.
Shu o‘rinda taʼkidlash joizki, “Toshkent–Lahor” yo‘nalishidagi parvozlar O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi transport aloqalarini rivojlantirish, mintaqaviy bog‘liqlik tashabbusi doirasida savdo, investitsiya va turizm sohalaridagi mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanish hamda uni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga navbatdagi amaliy natija bo‘ldi.
Shuningdek, ushbu aviaqatnovlar O‘zbekiston orqali Markaziy Osiyo mamlakatlari va Pokiston o‘rtasida qulay, tezkor va xavfsiz havo yo‘lini shakllantirishga xizmat qiladi.
– «Centrum Air» kompaniyasining Pokiston bozoriga kirib kelishi ushbu mamlakatdagi «Gerry‘s Group» kabi kuchli va tajribali hamkor tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganidan mamnunmiz, – dedi «Centrum Air» aviakompaniyasi vakili Adil Mirza. – “Lahor–Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shimcha havo qatnovlarining ochilishi mintaqaviy aloqalarni kuchaytirish va yo‘lovchilarga tarmog‘imiz bo‘ylab yanada samarali sayohat imkoniyatlarini taqdim etish bo‘yicha kengroq maqsadlarimizni aks ettiradi.
Shuningdek, ushbu yangi yo‘nalish bilan «Centrum Air» o‘z parvozlar geografiyasini kengaytirishni davom ettirmoqda va Markaziy Osiyoni dunyoning muhim yo‘nalishlari bilan bog‘lovchi ishonchli hamda faol aviakompaniya sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda.
Rasmiy tadbir yakunlanganidan so‘ng samolyot 180 nafar yo‘lovchi bilan Lahordan Toshkentga uchib ketdi.
Maʼlumot uchun, bugungi kunda “Toshkent–Islomobod” va “Toshkent–Lahor” yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan aviaqatnovlar soni 6 taga yetdi. Ulardan ikkitasi “Toshkent–Islomobod”, to‘rttasi esa “Toshkent–Lahor” yo‘nalishiga to‘g‘ri keladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


