Hindistonning Tamilnadu shtatida O‘zbekiston turistik salohiyati taqdim etildi
Aprel 21, 2026. 09:32 • 3 daq
• 77ChENNAI, 21-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi Hindistonning Tamilnadu shtatining maʼmuriy markazi - Chennai shahrida roud-shou o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda janubiy Hindiston mintaqasining sheriklik geografiyasini kengaytirishdan manfaatdor bo‘lgan 100 dan ortiq yetakchi sayyohlik kompaniyasi va operatorlari ishtirok etdi.
Forum tashkilotchi O‘zbekistonning jadal o‘sib borayotgan turistik salohiyatini taqdim etdi. Asosiy eʼtibor zamonaviy mehmonxonalar va dam olish maskanlari, tarixiy yodgorliklar va madaniy markazlar, sayyohlik infratuzilmasini takomillashtirish, yangi va jozibador yo‘nalishlarni ishga tushirish kabi masalalarga qaratildi.
“Uzbekistan Airways” AJ vakillari ikki mamlakat o‘rtasidagi aviaqatnovlar, jumladan, reyslar chastotasi va chiptalarni xarid qilish shartlari, shuningdek, sayyohlik guruhlari uchun manfaatli takliflar haqida batafsil maʼlumot berdi.
So‘nggi 5-6 yil ichida Hindistondan O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar oqimi bir necha barobar oshdi. 2025-yilda mamlakatimizga ilk bor 80 mingdan ortiq hindistonlik sayyoh tashrif buyurdi. Roud-shou ishtirokchilari kelgusida ushbu ko‘rsatkichni yana-da oshirish uchun salohiyat ulkan ekanini ishonch bilan qayd etdi.
Qadimiy o‘zbek shaharlariga sayohatlarga bo‘lgan talabning yuqori ekani to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar sonining ko‘payishiga asos bo‘lmoqda. Bugungi kunda Toshkentga muntazam parvozlar nafaqat Dehlidan, balki Mumbay va Goadan ham amalga oshirilmoqda. So‘nggi oylarda ushbu aviaqatnovlar geografiyasi yana-da kengaydi. “Centrum Air” aviakompaniyasi Toshkent - Dehli yo‘nalishi bo‘yicha reyslarni yo‘lga qo‘ydi, “Uzbekistan Airways” AJ esa Namangandan Hindiston poytaxtiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo aloqasini ochdi.
Hindistonlik turoperatorlar hamkorlikni chuqurlashtirishga katta qiziqish bildirdi. Ayniqsa, ularda O‘zbekiston turistik infratuzilmasining izchil rivojlanish ko‘rsatkichlari katta taassurot qoldirdi. Zamonaviy mehmonxonalar, qulay shaharlararo transport vositalari, ovqatlanish va dam olish maskanlarining xilma-xilligi yurtimizga sayyohlar oqimining jadal surʼatlarda oshishiga xizmat qilmoqda.
Savol-javob sessiyasi doirasida Hindiston biznes vakillariga barcha asosiy mavzular bo‘yicha batafsil sharh taqdim etildi. Mamlakatimizning asosiy durdonalari - Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz va boshqa shaharlar bugungi kunda tezyurar poyezdlar va qulay aviamarshrutlar bilan bog‘langan bo‘lib, bu sayohatni maksimal darajada qulay qilayotgani alohida taʼkidlandi.
Hindistondan kelayotgan sayyohlar oqimining izchil o‘sayotganini inobatga olgan holda, O‘zbekistonda milliy hind taomlariga ixtisoslashgan kafe va restoranlar uchun oshpazlarni tayyorlash bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqilmoqda. Ushbu qaror Janubiy Osiyodan kelgan mehmonlar o‘zlari o‘rgangan odatiy taʼmlardan bahramand bo‘lishini kafolatlaydi va sayohatni yana-da yoqimli qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



