Namanganda ishbilarmon ayollar xalqaro forumi o‘tkaziladi
Aprel 24, 2026. 16:55 • 2 daq
• 162
AR-RIYOZ, 24-aprel. /“Dunyo” AA/. Saudiya Arabistonining “Al Riyadh” gazetasida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo ayol tadbirkorlari forumi haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrning yozishicha, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilayotgan ushbu forum joriy yilning 31-may – 2-iyun kunlari Namangan viloyatida o‘tkaziladi. Tadbirda mintaqa davlatlarining yetakchi ayol tadbirkorlari, xalqaro tashkilotlar va sohaviy assotsiatsiyalar vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Maqolada qayd etilishicha, tashkiliy qo‘mita saudiyalik ayol tadbirkorlarni ham ushbu forumga rasman taklif etgan. Bu qadam Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston xususiy sektorlari o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikni mustahkamlash yo‘lidagi hamkorlikning tobora yuksalayotganidan dalolat beradi.
Forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad – ishbilarmon xotin-qizlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot va tajriba almashinuvi uchun platforma yaratish hamda sanoat va savdo sohalaridagi yangi investitsiya imkoniyatlarini o‘rganishdan iborat.
“Al Riyadh” gazetasining taʼkidlashicha, bu kabi xalqaro uchrashuvlar saudiyalik ayol tadbirkorlar uchun “Vision 2030” dasturi doirasidagi muvaffaqiyatli tajribalarini namoyish etish va O‘zbekiston kabi istiqbolli bozorlarda hamkorlik o‘rnatish uchun qulay imkoniyatdir. Chegaralararo sheriklik nafaqat tijoriy tanlov, balki Saudiya Arabistonining Osiyo mintaqasidagi iqtisodiy ishtirokini kengaytirish uchun strategik zaruriyatga aylanib bormoqda.
Forum doirasida Markaziy Osiyodagi iqtisodiy o‘zgarishlarda ayollarning roli va o‘zaro tovar hamda xizmatlar uchun yangi bozorlarni ochish masalalariga bag‘ishlangan ishchi sessiyalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi