Logo

Xitoy OAV: O‘zbekiston mintaqada birinchilardan bo‘lib uglerodni tartibga solish mexanizmlarini joriy etmoqda

Aprel 22, 2026. 12:55 • 2 daq

116
Xitoy OAV: O‘zbekiston mintaqada birinchilardan bo‘lib uglerodni tartibga solish mexanizmlarini joriy etmoqda

PEKIN, 22-aprel. /“Dunyo” AA/. Xitoyning “Diplomat” nashri sahifalarida O‘zbekistonning “yashil” iqtisodiyotga o‘tishi va bu sohada olib borilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Materialda qayd etilishicha, O‘zbekiston so‘nggi yillarda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha izchil va institutsional jihatdan puxta siyosatni amalga oshirmoqda. Mamlakat buni uzoq muddatli makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, raqobatbardoshlikni oshirish va jahon bozorlariga integratsiyalashuvning asosiy omili deb biladi.

Shakllantirilgan transformatsiya modeli tarkibiy islohotlar, bozor mexanizmlarini joriy etish va faol xalqaro hamkorlik uyg‘unligiga asoslanadi. Bu esa deklarativ maqsadlardan amaliy natijalarga o‘tishni taʼminlaydi.

“Islohotlarning tizimli ekani 2022-yilda 2030-yilgacha “yashil” o‘sishga o‘tishga qaratilgan strategik hujjatlar to‘plamining qabul qilinishi bilan mustahkamlandi. Ushbu qaror doirasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, jumladan, energiya samaradorligining tarmoq konsepsiyalari, “yashil” rivojlanishning kompleks dasturi va batafsil harakatlar rejasi tasdiqlangan”, deb yozadi nashr.

Muallifning so‘zlariga ko‘ra, islohotlarning muhim yo‘nalishi elektr energiyasining qayta tiklanuvchi manbalardan olinganini tasdiqlovchi “yashil” energetika sertifikatlari tizimining joriy etilishi bo‘ldi.

“Bugungi kunda ushbu tizim doirasida 446 mingdan ortiq sertifikat muomalaga chiqarilgan bo‘lib, bu “toza” energiyaning to‘laqonli bozori shakllanganidan dalolat beradi. Mazkur vosita nafaqat qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishni rag‘batlantiradi, balki mahalliy ishlab chiqaruvchilarga ekologik sertifikatlashtirish talablari majburiy bo‘lib borayotgan eksport bozorlariga chiqish imkonini ham beradi”, deyiladi maqolada.

Nashrda taʼkidlanishicha, O‘zbekiston mintaqada birinchilardan bo‘lib uglerod miqdorini tartibga solish mexanizmlarini amaliyotga tatbiq etishga kirishgan. Jahon banki bilan hamkorlikda Parij bitimiga muvofiq uglerod bozorini rivojlantirish bo‘yicha innovatsion loyiha amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistonning iqlim investitsiya fondlari dasturlarida ishtirok etishi qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda. Mazkur dastur doirasida mamlakat sanoatni dekarbonizatsiya qilish uchun 250 million dollargacha mablag‘ olish imkoniyatiga ega bo‘lgan ustuvor davlatlar qatoridan joy oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish