Logo

O‘zbekiston va Ispaniya nashriyot sohasidagi hamkorlikning yangi sahifasini ochmoqda

Aprel 24, 2026. 18:25 • 3 daq

147
O‘zbekiston va Ispaniya nashriyot sohasidagi hamkorlikning yangi sahifasini ochmoqda
O‘zbekiston va Ispaniya nashriyot sohasidagi hamkorlikning yangi sahifasini ochmoqda
O‘zbekiston va Ispaniya nashriyot sohasidagi hamkorlikning yangi sahifasini ochmoqda

MADRID, 24-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidentining maslahatchisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonov, WOSCU Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyev va WOSCU Butunjahon jamiyati koordinatori Yekaterina Sobolevadan iborat delegatsiya Ispaniyaga tashrifi davomida “Mueller & Schindler” nashriyot uyida bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif doirasida nashriyot prezidenti Sharlotta Kramer, vitse-prezident Aleksandr Vilgelm hamda kompaniya mutaxassislari bilan mazmunli uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv Xalqaro kitob kuniga to‘g‘ri kelgani muloqotga alohida mazmun va ramziy ahamiyat bag‘ishladi.

Suhbat davomida 2017-yildan buyon “Mueller & Schindler” nashriyoti WOSCU bilan hamkorlikda amalga oshirgan qator nufuzli faksimile loyihalar alohida taʼkidlandi. Ushbu loyihalar xalqaro miqyosda yuksak eʼtirofga sazovor bo‘lgan.

Jumladan, “Husayn Boyqaro devoni”, “Zafarnoma” (Kamoliddin Behzod miniatyuralari bilan), “Katta Langar Qurʼoni”, “Temur tuzuklari” va “Meʼrojnoma” kabi noyob asarlarning faksimile nashrlari amalga oshirilgan. Bu loyihalar dunyo muzey va kutubxonalarida saqlanayotgan qimmatli qo‘lyozmalarni asl nusxasiga yaqin holda qayta nashr etish va ilmiy hamda madaniy muomalaga kiritishga xizmat qilmoqda.

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan keng qamrovli va tizimli ishlar uchun samimiy minnatdorlik bildiraman. Davlat rahbariyati darajasida madaniyatga bunday eʼtibor jahonda kam uchraydi va u boshqalar uchun ibrat bo‘la oladi. Ko‘p yillik hamkorligimiz davomida amalga oshirilayotgan islohotlarning chuqurligiga bevosita guvoh bo‘ldik”, deydi “Mueller & Schindler” nashriyoti prezidenti Sharlotta Kramer.

O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov hamkorlarga minnatdorlik bildirib, ularning mamlakatimiz madaniyatini xalqaro miqyosda targ‘ib etishdagi hissasini yuqori baholadi va nashriyot vakillarini ishonchli hamkorlar sifatida eʼtirof etdi.

Uchrashuv davomida yangi faksimile nashrlar taqdim etildi, kelgusidagi qo‘shma loyihalar muhokama qilindi hamda O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

“114 Qurʼon” nomli yirik xalqaro loyiha ham muhokamalar markazida bo‘ldi. Ushbu tashabbus O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va WOSCU hamkorligida amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida Qurʼon xattotligi va bezak sanʼatining eng sara namunalarini bir jildda jamlash ko‘zda tutilgan. Unda dunyoning yetakchi mutaxassislari – Qurʼonshunoslar, sanʼatshunoslar va restavratorlar ishtirok etmoqda. Natijada, O‘zbekiston tarixi bilan bog‘liq bo‘lgan dunyodagi eng nodir 114 ta Qurʼon qo‘lyozmasini o‘z ichiga olgan, ilmiy sharhlar bilan boyitilgan yuqori sifatli nashr tayyorlanishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, “O‘zbekiston: Samarqandga oltin yo‘l” nomli sayyohlik kitob loyihasi ham muhokama qilindi. Ushbu loyiha mamlakatning hududlari, boy meʼmoriy merosi, tarixiy shaharlari, tabiiy manzaralari va zamonaviy madaniy muhitini keng yoritish orqali O‘zbekiston haqidagi xalqaro tasavvurni boyitishga xizmat qiladi.

Hamkorlik istiqbollari muhokamasi chog‘ida Xayriddin Sultonov “Temur tuzuklari” asarini ispan tilida nashr etish tashabbusini ilgari surdi. Mazkur asar Temuriylar davlatidagi boshqaruv tizimi, siyosiy tamoyillar va strategik fikrlashni o‘zida mujassam etgan muhim tarixiy manba hisoblanadi.

Qayd etilganidek, ushbu loyihani amalga oshirish ispan tilli o‘quvchilar uchun Temuriylar merosini yana-da yaqinlashtiradi, ilmiy tadqiqotlarga yangi turtki beradi hamda O‘zbekiston bilan ispan tilli mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlaydi.

“Mueller & Schindler” nashriyoti mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, uning ilmiy va madaniy ahamiyatini yuqori baholadi. Taʼkidlanishicha, “Temur tuzuklari”ning ispan tilidagi nashri Yevropa o‘quvchilariga Temuriylar davlati va uning huquqiy asoslari haqida kengroq tasavvur berishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur tashrif xalqaro nashriyotchilik va madaniy hamkorlikni yana-da rivojlantirishda muhim qadam bo‘lib, jahon jamoatchiligini O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosiga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borayotganini yana bir bor tasdiqladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish