Logo

Namanganda gul ekish orqali dunyo rekordi sari ulkan tashabbus boshlandi

Aprel 24, 2026. 17:58 • 2 daq

88
Namanganda gul ekish orqali dunyo rekordi sari ulkan tashabbus boshlandi
Namanganda gul ekish orqali dunyo rekordi sari ulkan tashabbus boshlandi
Namanganda gul ekish orqali dunyo rekordi sari ulkan tashabbus boshlandi
Namanganda gul ekish orqali dunyo rekordi sari ulkan tashabbus boshlandi
Namanganda gul ekish orqali dunyo rekordi sari ulkan tashabbus boshlandi
Namanganda gul ekish orqali dunyo rekordi sari ulkan tashabbus boshlandi

NAMANGAN, 24-aprel. /“Dunyo” AA/. Namangan viloyatida anʼanaviy Xalqaro gullar festivali doirasida ulkan va tarixiy tashabbusga start berildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Viloyat markazida o‘tkazilgan tantanali marosimda jamoa bo‘lib bir oy davomida eng ko‘p gul ekish orqali Ginnesning rekordlar kitobi (Guinness World Records) rekordini o‘rnatish jarayoni rasman boshlandi.

Tadbirda viloyat rahbariyati, nuroniylar, yoshlar, keng jamoatchilik va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari Botir Nuritdinov ushbu tashabbus nafaqat gul ekish, balki hududning ekologik barqarorligini taʼminlash, shahar ko‘rinishi va turizm salohiyatini oshirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Tadbirga xalqaro darajada ham katta eʼtibor qaratildi. Jarayonlarning shaffof va adolatli o‘tishini taʼminlash maqsadida “Guinness World Records”ning Dubaydagi vakolatxonasi vakili Kanzi Defravi onlayn tarzda ishtirok etdi. U Namanganda olib borilayotgan ishlar xalqaro talablar asosida kuzatib borilayotganini qayd etdi.

Uchrashuvda jamoatchilik vakillari nomidan viloyat “Nuroniy” jamg‘armasi raisi, senator Ikromxon Najmiddinov so‘zga chiqib, ushbu loyiha xalq birdamligi va bunyodkorlik salohiyatining yorqin namunasi ekanini taʼkidladi.

Maʼlumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda Namanganda gulchilik madaniyati jadal rivojlanmoqda. Agar 2018-yilda 4,5 million tup gul ekilgan bo‘lsa, bugungi kunda 120 turdagi 150 milliondan ortiq gul ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan. Bu nafaqat shaharning estetik qiyofasini yaxshilash, balki uning investitsion va turistik jozibadorligini oshirishga ham xizmat qilmoqda.

Joriy yilda 65-xalqaro gullar festivali 24-maydan 12-iyulga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Festival davomida 150 dan ortiq madaniy-maʼrifiy tadbirlar, xalqaro forumlar, ko‘rgazmalar va konsert dasturlari tashkil etiladi.

Tantanali marosimning eng hayajonli qismida barcha ishtirokchilar birgalikda rekord o‘rnatish jarayoniga ramziy start berishdi. Bu tashabbus nafaqat dunyo rekordini yangilashga, balki Namanganning xalqaro imijini mustahkamlash, ekologik muhitni yaxshilash va aholi o‘rtasida bunyodkorlik ruhini yana-da kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish