“National Geographic”: O‘zbekistonning har bir maskani tarix va zamonaviylik bilan uyg‘unlashgan
Fevral 12, 2026. 11:44 • 3 daq
• 32
VARSHAVA, 12-fevral. /“Dunyo” AA/. Nufuzli “National Geographic” xalqaro jurnalida polshalik jurnalist va yozuvchi Paulina Vilkning O‘zbekiston bo‘ylab qilgan sayohatiga bag‘ishlangan reportaji eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muallif dastlabki satrlardanoq o‘quvchini yosh, shijoatli, shiddat bilan o‘zgarib borayotgan tungi Toshkent muhitiga olib kiradi. Paulina Vilk tasodifiy uchrashuvlar orqali zamonaviy o‘zbek jamiyatining ochiqligi va dinamikasi hissini yetkazadi. Uning eʼtiborini anʼanalar va modernizatsiya uyg‘unligi tortadi – nafis liboslar va eski odatlar, xushmuomalalik va ishbilarmonlik, dasht changlari va yangi qurilishlarning shisha fasadlari.
Reportajda Toshkentning maʼnaviy yuragi – Hazrati Imom (Hastimom) majmuasi haqida alohida to‘xtalib o‘tgan. Muallif qadimiy ziyoratgohlar va keng ko‘lamli Islom sivilizatsiyasi markazining qo‘shniligi ramziy maʼnoga ega ekanini taʼkidlaydi. Islom sivilizatsiyasi markaziga YUNESKOning “Jahon xotirasi” ro‘yxatiga kiritilgan musulmon dunyosining maʼnaviy durdonasi – VII asrda qo‘lda ko‘chirilgan Usmon musʼhafi va yana 114 dona turli davrlarda ko‘chirilgan musʼhaflar joylashtirilgan.
“Afrosiyob” tezyurar poyezdida Samarqandga sayohat kitobxon ko‘z o‘ngida Shohizinda va Registon ansamblining ulug‘vorligini namoyon etadi. Shaxsiy hikoya muhim tafsilotga aylanadi: muallif hozirgi taʼmirlangan Registonni 1991-yilda bu yerda tushgan onasining surati bilan taqqoslaydi.
O‘tmish va hozirgi zamon o‘rtasidagi qarama-qarshilik so‘nggi o‘n yilliklarda sodir bo‘lgan o‘zgarishlarning ko‘lamini taʼkidlaydi. Samarqand muzey makoni emas, balki jonli shahar – oilaviy restoranlar, Siyob bozori va kechki yorug‘lik shoulari bilan gavdalanadi.
Buxoroda jurnalist tarixiy markazning ehtiyotkorlik bilan taʼmirlanayotgani va mahalliy aholi “Dubay” deb ataydigan zamonaviylik va nafosat timsoli bo‘lgan yangi mahallalar paydo bo‘layotganiga eʼtibor qaratadi. Vilk hunarmandchilik anʼanalarini, oshxonani, hovlilardagi kechki musiqani batafsil tasvirlaydi. Bularning barchasi shaharning shoshilmaydigan, ildiz otgan hayot makoni sifatidagi qiyofasini yaratadi.
Reportajda Xiva deyarli ertakdagidek ko‘rinadi – kun botgandan so‘ng yoritilgan Ichan qalʼa “sahrodagi qimmatbaho buyum”ga aylanadi. Madrasadagi tun, muazzinning ertalabki chaqirig‘i, paxsa devorlar va minoralar “uzoq Osiyo darvozasi” qiyofasini shakllantiradi. Shundan so‘ng muallif Farg‘ona vodiysiga – hunarmandlar, to‘quvchilar va kulollar mintaqasiga sayohat qiladi. Bu yerda ipak va paxta matolarini ishlab chiqarishning anʼanaviy texnologiyalari hali ham mavjud.
Paulina Vilk o‘z sayohatini tarixiy globallashuv ramziga aylanib borayotgan Toshkentning Chorsu bozorida yakunlaydi. U tovarlar, taʼmlar va hidlar tasviri orqali aynan shunday makonlar asrlar davomida Sharq va G‘arbni bog‘lab, madaniy aloqalar va g‘oyalar almashinuvini shakllantirgan, degan fikrni ilgari suradi.
“Toshkent, Xiva, Buxoro, Samarqand” reportaji – bu yevropalik muallifning O‘zbekistonga o‘zgacha jozibali mamlakati sifatida qarashi: qadimiylik va zamonaviylik, dasht changi va feruza gumbazlar, mahalliy anʼanalar va global kontekst.
“Geographic Traveler” jurnalida chop etilgan material O‘zbekistonning madaniy va tarixiy merosiga, uning zamonaviy rivojlanishiga xalqaro miqyosda qiziqish ortib borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
