Logo

Nemis matbuoti: O‘zbekiston milliy terma jamoasi — JCH–2026ning eng xavfli debyutanti

Fevral 04, 2026. 11:56 • 2 daq

123
Nemis matbuoti: O‘zbekiston milliy terma jamoasi — JCH–2026ning eng xavfli debyutanti

BERLIN, 4-fevral. /“Dunyo” AA/.  Germaniyaning nufuzli “Fussballfieber” sport nashri 2026-yili okean orti mamlakatlarida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatining debyutantlari haqida maqola eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrning qayd etishicha, AQSh, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan navbatdagi mundial rekordlar turniri bo‘ladi: 48 ishtirokchi, 104 ta o‘yin va 4 ta yangi jamoa — O‘zbekiston, Kyurasao, Iordaniya va Kabo-Verde. Nemis matbuoti debyutantlar orasida O‘zbekiston milliy terma jamoasiga alohida to‘xtalgan.

Maqolada “Oq bo‘rilar”ning Jahon chempionatiga yo‘l olishi tarixiy voqea sifatida baholangan. Xususan, 2025-yil 5-iyun sanasi o‘zbek futboli tarixiga zarhal harflar bilan yozilgani, Temur Kapadze boshchiligida BAAga qarshi kechgan (0:0) uchrashuv O‘zbekistonni mundialga olib chiqqani taʼkidlanadi. Shu bilan O‘zbekiston Markaziy Osiyodan Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan birinchi davlatga aylandi.

Germaniyalik jurnalistlar O‘zbekistonda futbolga davlat darajasida ko‘rsatilayotgan eʼtiborni alohida eʼtirof etgan. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan futbolchilarning faxriy unvonlar, ordenlar va sovg‘alar bilan taqdirlanishi nemis o‘quvchilarida katta qiziqish uyg‘otgan.

Terma jamoaga 2006-yilgi Jahon chempioni Fabio Kannavaroning murabbiy etib tayinlanishi jamoa o‘yinini yangi bosqichga olib chiqishi mumkinligi taʼkidlangan.

21 yoshli Abduqodir Husanovning Angliya Premyer-ligasida Pep Gvardiola qo‘l ostida to‘p surayotgan ilk o‘zbek futbolchisi ekani alohida qayd etilib, O‘zbekiston himoyasi JCH–2026da “temir panjara” bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

Mundialning “K” guruhida O‘zbekistonni Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya va Kolumbiyaga qarshi murakkab imtihon kutmoqda. Nemis nashrining xulosasiga ko‘ra, Kannavaroning taktik bilimi va futbolchilarning xalqaro tajribasi “Oq bo‘rilar”ni JCH-2026ning eng xavfli debyutantiga aylantirishi mumkin.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish