Serbiyada moddiy qiyinchilikka uchragan hamyurtlar vatanga qaytarildi
Fevral 04, 2026. 11:01 • 52 soniya
• 70BUDAPESHT, 4-fevral. /“Dunyo” AA/. Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Elchixona tomonidan mehnat migrantlariga ko‘maklashish va yuzaga kelayotgan muammolarini hal etishga qaratilgan chora-tadbirlar muntazam ravishda amalga oshiriladi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Yaqinda Elchixona konsulining ishchi raqamiga O‘zbekiston fuqarolari – qashqadaryolik hamyurtlardan Serbiyadan Vatanga qaytishda yordam so‘rab murojaat qilishgan.
Vatandoshlar O‘zbekistonga aviachipta sotib olish uchun moliyaviy mablag‘i yo‘qligini maʼlum qilgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, yuzaga kelgan holatga serb ish beruvchisi ularni belgilangan tartibda rasmiylashtirmagani va ular bilan mehnat shartnomasi tuzmagani sabab bo‘lgan.
Oqibatda vatandoshlar ish haqini ololmay, uch oy ishlagandan so‘ng moddiy qiyin ahvolga tushib qolgan. Ular Vatanga qaytish uchun moliyaviy imkoniyati yo‘qligi sababli O‘zbekiston Respublikasi Elchixonasiga yordam so‘rab murojaat qilgan.
Yuqoridagi holatlarni inobatga olgan holda, Elchixona konsullik bo‘limi O‘zbekiston Migratsiya agentligi hamda Mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash va yordam jamg‘armasi bilan fuqarolarimizga aviachipta xarid qilish bo‘yicha fikr almashgan.
Kelishuv natijalariga ko‘ra, hamyurtlarga O‘zbekistonga qaytish uchun aviachiptalar bepul asosda sotib olingan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


