Misrda ayollar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ko‘plab kelishuvlarga erishildi
Fevral 04, 2026. 10:41 • 3 daq
• 51QOHIRA, 4-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova boshchiligidagi delegatsiya Qohira shahrida o‘tkazilgan “Ayollar huquqlarini himoya qilish va ilgari surishda diniy-maʼrifiy hamda media diskurs rolini kuchaytirish” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Anjuman Misr Milliy ayollar kengashi, Al-Azhar majmuasi hamda Islom hamkorlik tashkiloti huzuridagi Ayollarni rivojlantirish tashkiloti hamkorligida tashkil etildi. Tadbirda 57 davlatdan yuqori darajadagi delegatsiyalar, sohaviy idoralar rahbarlari, diniy arboblar va xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi.
Zulayho Mahkamova o‘z maʼruzasida O‘zbekistonda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, oila institutini mustahkamlash, jamiyatda sog‘lom dunyoqarashni shakllantirishda diniy-maʼrifiy yondashuvni rivojlantirish, taʼlim va maʼrifat orqali ekstremizmga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida atroflicha maʼlumot berdi.
Tashrif doirasida Zulayho Mahkamova Misr Milliy ayollar kengashi prezidenti Amal Ammar bilan uchrashib, gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish sohasida davlat siyosati va amaliy mexanizmlar yuzasidan fikr almashdi. Tomonlar institutsional hamkorlikni rivojlantirish va tajriba almashishni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.
Nigeriyaning xotin-qizlar va ijtimoiy taraqqiyot vaziri Imon Sulaymon bilan o‘tkazilgan muloqot chog‘ida ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish va barqaror rivojlanish jarayonlarida ayollar rolini oshirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar qo‘shma dasturlar va o‘zaro tajriba almashishga tayyor ekanini bildirdi.
Tunisning oila, ayollar va bolalar masalalari bo‘yicha vaziri Asma al-Jabri bilan uchrashuvda yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashga qaratilgan O‘zbekiston tajribasi katta qiziqish uyg‘otdi. Tomonlar mazkur taʼlim dasturlarini o‘rganish va kelgusida moslashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga kelishib oldi.
Marokashning ijtimoiy integratsiya va oila masalalari bo‘yicha vaziri Naima Ben Yahʼya bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda xotin-qizlar bandligini oshirish, oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, Al-Azhar Bosh Imomi maslahatchisi va majmuaning xorijiy talabalar taʼlimini rivojlantirish markazi rahbari Naxla as-Saidiy bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda Misrda tahsil olayotgan xorijiy, jumladan, o‘zbekistonlik talabalarning taʼlim jarayoni, yashash sharoitlari va huquqiy maqomi muhokama qilindi. Markaz faoliyati, taʼlim dasturlari, talabalarning ijtimoiy moslashuv tizimi va zamonaviy o‘quv-uslubiy taʼminot haqida maʼlumot almashildi. Tomonlar o‘zbekistonlik talabalarning taʼlim va ijtimoiy masalalarini hal etishda hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib oldi.
Xorijiy talabalar taʼlimini rivojlantirish markazi faoliyati bilan yaqindan tanishildi hamda o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv tashkillashtirildi. Unda vatandoshlarimizning taʼlim jarayoni, yashash sharoitlari va ilmiy faoliyati haqida fikr almashildi. Fuqarolarimizning xorijdagi huquq va manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekani taʼkidlandi. Xorijda tahsil olayotgan yoshlar uchun Markaz qoshida “O‘zbekiston muzeyi”ni tashkil etish tashabbusini amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Misrda yashovchi vatandosh xotin-qizlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda O‘zbekistonda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning taʼlim olishi, bandligini taʼminlash va ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan islohotlar haqida maʼlumot berildi. Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, faol ayollardan iborat “Vatandosh xotin-qizlar kengashi” tashkil etildi. Kengash faoliyatini muvofiqlashtirish, murojaatlarni tegishli idoralarga yetkazish va huquqiy hamda tashkiliy yordam ko‘rsatish vazifalari belgilab olindi.
Mazkur tashrif ayollar huquqlarini himoya qilish sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, Misr va boshqa davlatlar bilan gumanitar aloqalarni kengaytirish, xorijda tahsil olayotgan va yashovchi O‘zbekiston fuqarolarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qildi. Tomonlar o‘rtasida tajriba almashish, institutsional hamkorlikni rivojlantirish hamda ijtimoiy va taʼlim sohalarida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




