Logo

O‘zbek shaxmatchilari “Freestyle Chess” bo‘yicha jahondagi eng kuchlilar qatorida

Yanvar 21, 2026. 09:00 • 2 daq

271
O‘zbek shaxmatchilari “Freestyle Chess” bo‘yicha jahondagi eng kuchlilar qatorida

BERLIN, 21-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonlik yosh grossmeyster Nodirbek Abdusattorov “chess.com” platformasida bo‘lib o‘tgan “Play-In” saralash turnirida mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritib, “Freestyle Chess” bo‘yicha jahon chempionatining final bosqichiga yo‘l oldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Saralash bosqichning asosiy bahsida hamyurtimiz hindistonlik kuchli raqib Pranav Venkatesh bilan ro‘baro‘ keldi. Nodirbek yuksak mahorat va sovuqqonlik namoyish etib, raqibini 2:0 hisobida mag‘lub etdi va nufuzli musobaqaning so‘nggi ishtirokchisiga aylandi.

Endilikda, shu yilning 13–15-fevral kunlari Germaniyaning Vayssenxaus (Weissenhaus) shahrida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida sayyoramizning eng kuchli sakkiz nafar shaxmatchisi bosh sovrin uchun kurash olib boradi. Eʼtiborli jihati shundaki, mazkur “elita” ro‘yxatidan ikki nafar o‘zbekistonlik grossmeyster joy olgan.

Ushbu nufuzli musobaqada hamyurtlarimiz Javohir Sindarov va Nodirbek Abdusattorovdan tashqari, Magnus Karlsen (Norvegiya), Fabiano Karuana (AQSh), Levon Aronyan (Armaniston), Arjun Erigaysi (Hindiston), Vinsent Kaymer (Germaniya) va Hans Nimanlar (AQSh) o‘zaro kuch sinashadi. 

Bu turnir Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) va “Freestyle Chess” hamkorligida o‘tkazilayotgan ilk rasmiy jahon chempionati hisoblanadi. Robert Fisher shaxmati (Chess 960) yo‘nalishiga asoslangan ushbu formatda figuralarning boshlang‘ich holati qurʼa orqali aniqlanib, bu o‘yinchilardan nafaqat standart nazariyani bilishni, balki yuksak kreativlik va tezkor qaror qabul qilish qobiliyatini talab etadi.

Mutaxassislarning fikricha, bir yo‘la ikki nafar o‘zbekistonlik yosh grossmeysterning bunday yuqori saviyadagi musobaqada ishtirok etishi mamlakatimizda shaxmatni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak eʼtibor va tizimli islohotlarning amaliy samarasidir.

O‘zbekiston shaxmatchilarining Germaniyadagi bo‘lajak bahslardagi ishtiroki xalqaro sport jamoatchiligi va millionlab muxlislar diqqat markazida bo‘lishi, shubhasiz.

Ushbu shaxmat turniri o‘zbek shaxmatchilari uchun begona emas. 2024-yil fevral oyida shu yerda o‘tgan “Freestyle Chess G.O.A.T. Challenge” turniri musobaqalarida hamyurtlarimiz yorqin o‘yinlari bilan nemis muxlislari va xalqaro ekspertlarni hayratda qoldirgan.

Nodirbek Abdusattorov fenomenal o‘yin ko‘rsatib, guruh bosqichida amaldagi va sobiq jahon chempionlari Magnus Karlsen hamda Din Lijenni mag‘lub etgan va jadvalda yakka peshqadam bo‘lgan.

Javohir esa “Freestyle Chess”da eng xavfli raqiblardan biri ekanini isbotlagan. U Yan Nepomnyashiy va Levon Aronyan kabi shaxmat yulduzlariga qarshi murosasiz o‘yin namoyish etib, kutilmagan vaziyatlarda tezkor va nostandart qaror qabul qilish qobiliyati bilan mutaxassislar eʼtiborini tortgan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish