O‘zbekiston va Sloveniya savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirmoqda
Iyul 24, 2026. 11:30 • 2 daq
• 141
LYUBLYANA, 24-iyul. /“Dunyo” AA/. Lyublyana shahrida O‘zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov va Sloveniya Bosh vaziri devoni davlat kotibi Zdravko Pochivalshek o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yana-da kengaytirish, oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Zdravko Pochivalshek O‘zbekiston Sloveniyaning Markaziy Osiyodagi muhim va istiqbolli hamkori ekanini taʼkidlab, mamlakatimiz bilan tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish hamda o‘zaro investitsiyalar hajmini oshirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Shuningdek, Toshkent shahrida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston–Sloveniya Hukumatlararo komissiyasining ikkinchi yig‘ilishini ikki mamlakat yetakchi biznes vakillari ishtirokida o‘tkazish, avtomobilsozlik, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish yuzasidan kelishib olindi.
Uchrashuvda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, uyushgan mehnat migratsiyasi sohasida hukumatlararo bitim loyihasini ishlab chiqish va Sloveniyadagi yirik xalqaro ko‘rgazmada “Made in Uzbekistan” milliy stendini tashkil etish masalalari ham alohida ko‘rib chiqildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi