O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi ilmiy-akademik sheriklikni kengaytirilmoqda

Iyul 24, 2026. 12:30 • 2 daq

107
O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi ilmiy-akademik sheriklikni kengaytirilmoqda

ASHXOBOD, 24-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Ravshanbek Alimov Turkmaniston Fanlar akademiyasi prezidenti Allaberdi Ashirov bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy-akademik hamkorlikni yana-da kengaytirish va mustahkamlashning muhim jihatlari atroflicha ko‘rib chiqildi. Suhbat avvalida ikki davlat rahbarlarining oqilona va uzoqni ko‘zlagan siyosati qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqqani alohida eʼtirof etildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Fanlar va Turkmaniston Fanlar akademiyalari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish masalalari diqqat markazida bo‘ldi. Xususan, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti hamda Maxtumquli nomidagi Til, adabiyot va milliy qo‘lyozmalar instituti o‘rtasida noyob manbalarni raqamlashtirish, tizimlashtirish va o‘rganish, shuningdek, yosh olimlarning o‘zaro malaka oshirishlarini hamda qo‘shma arxeologik va etnografik ekspeditsiyalarni tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Muloqot davomida mintaqaviy ekologik muammolarni ilmiy asosda birgalikda hal etish — cho‘llanishga qarshi kurashish, Orol inqirozi oqibatlarini yumshatish hamda transchegaraviy suv resurslarini samarali boshqarish bo‘yicha olimlarning salohiyatini birlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Bundan tashqari, Turkmaniston Fanlar akademiyasi delegatsiyasi Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlaridagi yetakchi ilmiy markazlar hamda Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati bilan tanishish uchun O‘zbekistonga taklif etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan siyosiy, ilmiy va akademik yo‘nalishlar bo‘yicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni izchil davom ettirishga kelishib oldilar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish