Nyu-Yorkda O‘zbekistonning turistik salohiyati namoyish etildi
Yanvar 28, 2026. 12:25 • 59 soniya
• 26NYU-YORK, 28-yanvar. /“Dunyo” AA/. AQShning Nyu-York shahridagi mashhur Javits Center ko‘rgazmalar majmuasida xalqaro “Travel Adventure Show” turistik ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu nufuzli tadbirda dunyoning turli mamlakatlaridan yetakchi turistik kompaniyalar va soha mutaxassislari qatorida O‘zbekiston delegatsiyasi ham faol ishtirok etdi. Tadbir doirasida O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi bilan hamkorlikda mamlakatimizning boy madaniy merosi va sayyohlik imkoniyatlarini aks ettiruvchi milliy ko‘rgazma stendi tashkil etildi.
Ko‘rgazma davomida o‘tkazilgan taqdimotlarda O‘zbekistonning qadimiy shaharlari, noyob tarixiy obidalari va zamonaviy turistik infratuzilmasiga alohida urg‘u berildi. Xorijiy ishtirokchilar va tashrif buyuruvchilarga mamlakatimizda jadal rivojlanayotgan madaniy, gastronomik, ekologik va ziyorat turizmi yo‘nalishlari haqida batafsil maʼlumotlar taqdim etildi. Ayniqsa, milliy madaniyatimizning o‘ziga xos jihatlari va o‘zbek mehmondo‘stligi anʼanalari amerikalik sayyohlik agentlari hamda potensial sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Mazkur xalqaro ko‘rgazmada O‘zbekiston brendining namoyish etilishi mamlakatimizning Shimoliy Amerika turizm bozoridagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Tadbir doirasida xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalar o‘rnatilib, milliy turistik mahsulotlarni xalqaro miqyosda ilgari surish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Bu kabi yirik loyihalar AQSh va boshqa davlatlardan O‘zbekistonga keluvchi sayyohlar oqimini ko‘paytirish va yurtimizning turistik jozibadorligini oshirishda muhim qadam hisoblanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



