Skandinaviyadagi nufuzli jurnal masʼullari bilan suhbat o‘tkazildi
Yanvar 28, 2026. 12:56 • 53 soniya
• 14
STOKGOLM, 28-yanvar. /“Dunyo” AA/. Farg‘ona va Samarqand viloyatlari turizm boshqarmalari vakillari Skandinaviya davlatlarida chop etiladigan nufuzli “Vagabond” jurnali bosh muharriri Fredrik Brendstrem va menejeri Yunas Tern bilan onlayn ravishda suhbat o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Vagabond” Shvetsiya, Norvegiya va Daniyada nashr etiladigan sayohat jurnali hisoblanadi. Nashr Skandinaviyadagi ilk sayohat jurnallaridan biri bo‘lib, 1987-yildan buyon turli mamlakatlar va sayohatlar haqida maqolalar tayyorlab keladi. Jurnal “Egmont Group”ga tegishli bo‘lib, har oyda nashr qilinadi va Skandinaviya davlatlariga tarqatiladi.
Onlayn muloqot davomida O‘zbekistonning turizm salohiyatini Skandinaviya mintaqasida ilgari surish masalalari muhokama qilindi. Xususan, mamlakatimizning boy madaniy-tarixiy merosi, sayyohlik yo‘nalishlari va turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yoritish maqsadida “Vagabond” jurnali va uning rasmiy veb-saytida O‘zbekistonga bag‘ishlangan maqolalar chop etish bo‘yicha fikr almashildi.
Muzokaralarda Shved tomoni O‘zbekistonga bag‘ishlangan maqolalarni chop etish bo‘yicha hamkorlik shartlari yuzasidan takliflari va kelishuv loyihasini taqdim etdi.
O‘zbekistonning, shu jumladan, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari sayyohlik imkoniyatlari to‘g‘risidagi turkum maqola va reklama maʼlumotlarini jurnalda chop etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
