O‘zbekistonlik talabalar Belarusdagi qo‘shma taʼlim dasturini muvaffaqiyatli tamomladi

Iyun 29, 2026. 19:00 • 2 daq

11
O‘zbekistonlik talabalar Belarusdagi qo‘shma taʼlim dasturini muvaffaqiyatli tamomladi
O‘zbekistonlik talabalar Belarusdagi qo‘shma taʼlim dasturini muvaffaqiyatli tamomladi
O‘zbekistonlik talabalar Belarusdagi qo‘shma taʼlim dasturini muvaffaqiyatli tamomladi
O‘zbekistonlik talabalar Belarusdagi qo‘shma taʼlim dasturini muvaffaqiyatli tamomladi

MINSK, 29-iyun. /“Dunyo” AA/. Belarus davlat informatika va radioelektronika universitetida (BDIRU) Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bilan qo‘shma taʼlim dasturi asosida tahsil olgan o‘zbekistonlik talabalarning diplom loyihalari himoyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Bitiruv malakaviy ishlarini baholash jarayonida BDIRU va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professor-o‘qituvchilari hamda O‘zbekistonning Belarusdagi elchixonasi vakili ishtirok etdi.

Unda talabalar zamonaviy dasturiy taʼminot, raqamli texnologiyalar va axborot tizimlarini takomillashtirishga qaratilgan innovatsion loyihalarini taqdim etdilar. Davlat attestatsiya komissiyasi tomonidan bitiruv ishlarining amaliy ahamiyati, texnik yechimlar sifati, zamonaviy IT texnologiyalaridan samarali foydalanilgani hamda talabalarning kasbiy tayyorgarligi yuqori baholandi.

Tadbirda BDIRU va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti o‘rtasida amalga oshirilayotgan qo‘shma taʼlim dasturi yuqori malakali axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislarini tayyorlashda samarali hamkorlik mexanizmi ekani taʼkidlandi.

Tomonlar qo‘shma taʼlim dasturlarini yana-da kengaytirish, akademik almashinuvni rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda raqamli texnologiyalar sohasida yangi loyihalarni birgalikda amalga oshirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Mazkur qo‘shma taʼlim dasturining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida oliy taʼlim sohasidagi sheriklikni yana-da mustahkamlash, raqamli iqtisodiyot uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash va taʼlim integratsiyasini kengaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish