Pokistonning Afg‘oniston sharqiga bergan havo zarbalari oqibatida 36 kishi vafot etdi

Iyun 29, 2026. 18:00 • 2 daq

14
Pokistonning Afg‘oniston sharqiga bergan havo zarbalari oqibatida 36 kishi vafot etdi

KOBUL–ISLOMOBOD, 29-iyun. /“Dunyo” AA/. Pokiston Qurolli kuchlari tomonidan Afg‘onistonning sharqiy hududlariga amalga oshirilgan havo zarbalari oqibatida kamida 36 kishi halok bo‘ldi, yana 163 nafar kishi jarohat oldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Afg‘onistonning “Baxtar” axborot agentligiga tayanib.

Maʼlum qilinishicha, havo hujumlari 28-iyundan 29-iyunga o‘tar kechasi Pokiston bilan chegaradosh Paktiya, Paktika va Kunar viloyatlarida amalga oshirilgan. Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, qurbonlar orasida ayollar va bolalar ham bor. Hujumlar natijasida uchta turar joy butunlay vayron bo‘lgan.

Afg‘oniston rasmiylari mazkur hujumlarni mamlakat hududiga qarshi qayta boshlangan harbiy tajovuz sifatida baholab, Pokiston tomonining harakatlarini qoraladi.

Pokiston axborot va radioeshittirish federal vaziri Ataulla Tararning maʼlum qilishicha, havo zarbalari Afg‘oniston bilan chegaradosh hududlarda faoliyat yurituvchi taqiqlangan “Tehrik-i Tolibon Pokiston” hamda “Jamoat ul-Ahror” terrorchilik guruhlari obyektlariga qaratilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, amaliyot davomida Pokistonda sodir etilgan qator terrorchilik hujumlariga aloqador bo‘lgan 29 nafar jangari yo‘q qilingan.

Eslatib o‘tamiz, may oyi oxirida Pokistonning janubi-g‘arbidagi Belujiston viloyatida yo‘lovchi poyezdda sodir etilgan terrorchilik hujumi oqibatida kamida 24 kishi halok bo‘lgan, 70 ga yaqin kishi esa jarohat olgan edi. Poyezdda Pokiston xavfsizlik xizmatlari xodimlari va ularning oila aʼzolari bo‘lgan.

“Sinxua” AA surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish