Isroilda yangi chaqiriq parlamenti hukmron koalitsiyasiz ish boshladi

Noyabr 11, 2026. 14:00 • 2 daq

• 117
Isroilda yangi chaqiriq parlamenti hukmron koalitsiyasiz ish boshladi

TЕL-AVIV, 11-noyabr. /“Dunyo” AA/. Isroilda 26-chaqiriq Knessetning ilk majlisi bo‘lib o‘tdi va unda 27-oktabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovlarida saylangan deputatlar qasamyod qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Interfaks” agentligiga tayanib.

Majlisda mamlakat prezidenti Isxak Gersog parlamentariylarni qayta saylovlarga yo‘l qo‘ymaslikka hamda mamlakatda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga e’tibor qaratishga chaqirdi.

“Sizga ovoz bergan insonlar odatiy turmush tarziga, xavfsizlik va osoyishtalikka qaytishga intilmoqda”, – deya ta’kidladi u.

Parlamentning yangi tarkibidan 11 ta partiya vakili bo‘lgan 120 nafar deputat o‘rin olgan. Saylov natijalariga ko‘ra, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu boshchiligidagi koalitsiya 53 ta, muxolifat bloki 48 ta, arab partiyalari esa 19 ta mandatga ega bo‘ldi.

Shu bilan birga, 67 nafar deputat Bosh vazir lavozimiga muxolifat yetakchisi Gadi Ayzenkot nomzodini qo‘llab-quvvatladi. Prezident Gersog unga yangi hukumatni shakllantirishni topshirdi, biroq muxolifat yetakchisining o‘zi bu vazifani “o‘ta murakkab” deb baholadi.

Hukmron koalitsiyani shakllantirish uchun 28 kun (6-dekabrgacha) muhlat ajratildi va uni yana ikki haftaga uzaytirish imkoniyati mavjud. Muzokaralar yakunlanib, yangi kabinet tuzilgunga qadar Binyamin Netanyaxuning amaldagi hukumati o‘z ishini davom ettiradi.

Shuningdek, parlamentdagi partiyalar yetakchilari Knesset spikeri lavozimiga “Yangi o‘nglar” va “Yamina” partiyalari vakili, deputat Matan Kaxana nomzodini kelishib oldi. Bu lavozimni avvalroq “Likud” partiyasi vakili Amir Oxana egallab kelgan edi.

“Reuters” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish