Mintaqaviy raqobatdan barqaror integratsiya sari

Iyul 09, 2026. 16:30 • 5 daq

59
Mintaqaviy raqobatdan barqaror integratsiya sari

TOSHKENT, 9-iyul. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniyaning Sent-Endryus universiteti professori, Markaziy Osiyo bo‘yicha taniqli tadqiqotchi Filippo Kosta Buranellining “Markaziy Osiyoda o‘zaro bog‘liqlik “tizimli tafakkur” sifatida” sarlavhali tahliliy maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Olim ko‘p yillar davomida Markaziy Osiyodagi xalqaro siyosiy jarayonlarni tadqiq etib kelmoqda. U mintaqaviylik, xalqaro tartib Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi siyosatiga oid ko‘plab ilmiy maqolalar va monografiyalar muallifi hisoblanadi. Xalqaro munosabatlarni tahlil qilishda konstruktivistik va tizimli yondashuv tarafdori bo‘lgan muallif Markaziy Osiyoda kechayotgan zamonaviy integratsiya jarayonlariga yangicha konseptual yondashuvni ilgari suradi.

Muallifning qayd etishicha, so‘nggi qariyb o‘n yil davomida Markaziy Osiyo misli ko‘rilmagan darajadagi mintaqaviy jipslashuvni namoyon etmoqda. Ushbu jarayon davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikning deyarli barcha yo‘nalishlari – diplomatiya, savdo-iqtisodiy aloqalar, transport, ekologiya, sanoat, xavfsizlik, taʼlim va gumanitar sohalarni qamrab olmoqda. Filippo Kosta Buranelli fikricha, mazkur jarayon vaqtinchalik yoki vaziyat taqozosi emas, balki strategik xususiyatga ega bo‘lib, mintaqaviy taraqqiyotning mutlaqo yangi modelini shakllantirayotganidan dalolat beradi.

Maqolaning ilmiy ahamiyati, avvalo, unda ilgari surilgan yangi konseptual yondashuvlarda namoyon bo‘ladi. Xususan, muallif “tizimli tafakkur” tushunchasini ilmiy muomalaga kiritib, uni milliy manfaatlarning anʼanaviy talqiniga qarama-qarshi qo‘yadi. Agar xalqaro munosabatlarning klassik nazariyasida davlatlar, asosan, o‘z manfaatlaridan kelib chiqadigan subyektlar sifatida talqin etilsa, tizimli tafakkur uzoq muddatli milliy manfaatlarga butun mintaqaviy tizim barqarorligini mustahkamlash orqali samaraliroq erishish mumkinligini anglatadi. Boshqacha aytganda, davlatlar mintaqada barqarorlik, o‘zaro ishonch va hamkorlikni saqlashni har bir mamlakat xavfsizligi va ravnaqini taʼminlovchi mustaqil qadriyat sifatida anglay boshlaydi.

Muallifning yana bir muhim konseptual yondashuvi bog‘liqlik tushunchasining keng talqin qilinishidir. Uning taʼkidlashicha, bog‘liqlikni faqat transport infratuzilmasi, logistika yo‘laklari yoki savdo yo‘nalishlari bilan cheklab bo‘lmaydi. Bu, avvalo, jamiyatlar, institutlar, siyosiy qadriyatlar hamda mintaqaning umumiy kelajagi haqidagi tasavvurlar o‘rtasidagi chuqur o‘zaro bog‘liqlikni ifodalaydi.

Shu bois bog‘liqlik nafaqat avtomobil va temir yo‘llar, energetika loyihalari, balki siyosiy muloqot, taʼlim sohasidagi hamkorlik, oliy taʼlim muassasalari va ilmiy doiralar o‘rtasidagi aloqalar, parlamentlararo muloqot, yoshlar tashabbuslari, madaniy almashinuvlar, transchegaraviy hamkorlik hamda ekologik muammolarni birgalikda hal etishni ham qamrab oladi. Muallif talqinida bog‘liqlik taraqqiyot vositasidan ko‘ra kengroq maʼnoga ega bo‘lib, mintaqaviy tartibning asosiy tamoyiliga aylanadi.

Maqolaning asosiy xulosalaridan biri Markaziy Osiyodagi xilma-xillikka bo‘lgan yondashuv tubdan o‘zgarganidir. Agar avval iqtisodiy rivojlanish darajasi, siyosiy modellar va milliy manfaatlardagi tafovutlar integratsiya yo‘lidagi to‘siq sifatida baholangan bo‘lsa, bugungi kunda mintaqa davlatlari ushbu xilma-xillikni o‘zaro bir-birini to‘ldiruvchi ustunlik va hamkorlik omili sifatida qabul qilmoqda. Aynan ana shu farqlar davlatlarga o‘z suverenitetini to‘liq saqlagan holda bir-birini yana-da kuchaytirish imkonini bermoqda.

Shu nuqtai nazardan, muallif Markaziy Osiyo davlatlari mintaqaviy hamkorlikni suverenitetni cheklovchi omil sifatida emas, aksincha, uni mustahkamlashning muhim mexanizmi sifatida baholayotganini qayd etadi.

Milliy manfaatlar endilikda mintaqaviy manfaatlarga qarama-qarshi qo‘yilmayapti. Chunki mintaqa barqarorligi har bir davlat xavfsizligi va taraqqiyotining muhim shartiga aylanmoqda. Natijada, milliy manfaatlarni inkor etmaydigan, balki ularni uyg‘unlashtiradigan “mintaqaviy manfaat” tushunchasi shakllanmoqda.

Maqolada mintaqaviy integratsiyaning inson omiliga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Muallifning fikricha, aynan insonlar o‘rtasidagi aloqalar uzoq muddatli hamkorlikning eng mustahkam asosini yaratadi. Bunga Markaziy Osiyoda umumiy taʼlim makonining shakllanishi, oliy taʼlim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikning kengayishi, rektorlar va tarixchilar forumlarining o‘tkazilishi, akademik almashinuvlarning rivojlanishi, yoshlar siyosati, madaniy aloqalar hamda transchegaraviy hamkorlikning faollashuvi yaqqol misol bo‘la oladi.

Muallifning taʼkidlashicha, aynan ushbu jarayonlar o‘zaro ishonch, hurmat va Markaziy Osiyoning umumiy kelajagi uchun masʼuliyat hissiga asoslangan yangi mintaqaviy o‘zlikni shakllantirmoqda.

Shuningdek, maqolada tizimli bog‘liqlik tamoyili ekologik siyosat, suv resurslarini boshqarish, iqlim o‘zgarishi kun tartibi hamda barqaror rivojlanishni taʼminlash kabi yo‘nalishlarda ham tobora yaqqol namoyon bo‘layotgani qayd etiladi. Bunday masalalar endilikda alohida davlatlar siyosatining yig‘indisi sifatida emas, balki mintaqa mamlakatlarining umumiy masʼuliyati ifodasi sifatida qaralmoqda.

Tadqiqotda O‘zbekistonning mintaqaviy jarayonlar transformatsiyasidagi o‘rni alohida tahlil qilinadi. Muallifning fikricha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakat tashqi siyosatining yangicha yo‘nalishga o‘tishi Markaziy Osiyoda ijobiy o‘zgarishlarning asosiy omiliga aylandi.

Yaxshi qo‘shnichilik tamoyilining tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilanishi, qo‘shni davlatlar bilan siyosiy muloqotning faollashuvi hamda mintaqa xavfsizligi va farovonligi uchun umumiy masʼuliyat g‘oyasining ilgari surilishi mutlaqo yangi ishonch muhitini shakllantirdi.

Tadqiqotchining baholashicha, aynan shu siyosiy yondashuv raqobatga asoslangan mintaqaviylik modelidan davlatlar Markaziy Osiyoni yagona siyosiy makon sifatida anglay boshlagan kooperativ plyuralizm modeliga o‘tishga zamin yaratdi.

Maqolaning muhim xulosalaridan biri shundan iboratki, bugungi kunda Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlik izchil rivojlanibgina qolmay, balki ortga qaytarib bo‘lmaydigan tus olmoqda. Muallif ushbu jarayonni o‘zaro bog‘liqlik, ishonch, suverenitetni hurmat qilish hamda mintaqa taraqqiyoti uchun umumiy masʼuliyat tamoyillariga asoslangan yangi mintaqaviy tartib shakllanayotganining yaqqol ifodasi sifatida baholaydi.

Shu nuqtai nazardan, bog‘liqlik endilikda alohida siyosiy yo‘nalish emas, balki infratuzilma loyihalari, iqtisodiy hamkorlik, gumanitar aloqalar va siyosiy muloqotni yagona barqaror rivojlanish konsepsiyasi doirasida birlashtiruvchi mintaqaviy tizimning fundamental tamoyiliga aylanmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish