O‘zbekiston delegatsiyasi Janubiy Amerika umumiy bozori yetakchilari sammitida ishtirok etdi

Iyul 06, 2026. 10:30 • 2 daq

151
O‘zbekiston delegatsiyasi Janubiy Amerika umumiy bozori yetakchilari sammitida ishtirok etdi
O‘zbekiston delegatsiyasi Janubiy Amerika umumiy bozori yetakchilari sammitida ishtirok etdi
O‘zbekiston delegatsiyasi Janubiy Amerika umumiy bozori yetakchilari sammitida ishtirok etdi

ASUNSON, 6-iyul. /“Dunyo” AA/. Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Paragvayning poytaxtida Merkosur va hamkor mamlakatlar yetakchilarining sammitida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Parlament yuqori palatasi maʼlumotiga ko‘ra, sammitda xizmat ko‘rsatish sohasi, transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, savdo diplomatiyasini takomillashtirish hamda Paragvayning Janubiy Amerika iqtisodiyoti va jahon bozorlari o‘rtasidagi muhim transport-logistika hamda savdo markazi sifatidagi o‘rni bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Sammitning Asunsyon shartnomasi imzolanganining 35 yilligiga bag‘ishlangan yalpi majlisida Sodiq Safoyev o‘z so‘zida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lish jarayonida erishayotgan natijalariga eʼtibor qaratdi. Shuningdek, O‘zbekiston Merkosur mamlakatlari bilan savdo va investitsiyalar, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi, “yashil” energetika, transport va logistika, taʼlim, ilm-fan, turizm hamda madaniy-gumanitar almashinuv sohalarida hamkorlikni yana-da kengaytirishdan manfaatdor ekani bildirildi.

Sammit doirasida O‘zbekiston va Paragvay o‘rtasida savdo hajmini oshirish, bozorlarga o‘zaro kirish imkoniyatlarini kengaytirish, agrosanoat, energetika, tog‘-kon, kimyo va to‘qimachilik sanoati sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, xukumatlararo komissiyani tashkil etish hamda sanoat kooperatsiyasi dasturini ishlab chiqish masalalari ham muhokama qilindi.

Maʼlumot o‘rnida taʼkidlash joizki, Merkosur (Janubiy Amerika umumiy bozori) – 1991-yilda umumiy bozor yaratish, tovarlar, xizmatlar va ishlab chiqarish omillarining erkin harakatlanishini taʼminlash, shuningdek, aʼzo davlatlarning iqtisodiy va savdo siyosatini muvofiqlashtirish maqsadida tuzilgan Janubiy Amerika mamlakatlarining eng yirik integratsion birlashmasidir.

Hozirgi vaqtda Merkosur aʼzolari – Argentina, Braziliya, Paragvay, Urugvay va Boliviya. Ularning aholisi qariyb 300 million kishini, yalpi ichki mahsuloti esa taxminan 3 trillion AQSH dollarini tashkil etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish