O‘zbekiston va Belarus Prezidentlari ko‘p qirrali hamkorlikni yana-da rivojlantirishga intilishlarini taʼkidladilar

Iyul 09, 2026. 16:40 • 2 daq

3
O‘zbekiston va Belarus Prezidentlari ko‘p qirrali hamkorlikni yana-da rivojlantirishga intilishlarini taʼkidladilar

TOSHKENT, 9-iyul. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar aʼzolari ishtirokida muzokara o‘tkazdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuv avvalida O‘zbekiston Prezidenti so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Belarus o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida taʼkidladi.

Ushbu tashrifga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari, siyosiy maslahatlashuvlar, tahliliy doiralar uchrashuvlari, O‘zbekiston madaniyati kunlari hamda boshqa tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

O‘zaro savdo hajmi barqaror surʼatda o‘sib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. So‘nggi besh yilda bu ko‘rsatkich qariyb 3 barobar oshib, o‘tgan yil yakuniga ko‘ra salkam 1 milliard dollarga yetdi. Joriy yilning ortda qolgan davrida uning hajmi yana 30 foizga oshdi. 360 ta qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Yetakchilar kuni kecha o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq harakatlar kelishib olingani hamda qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, elektrotexnika, yengil sanoat, mebelsozlik va sanoatning boshqa tarmoqlarida yangi kooperatsiya loyihalaridan iborat chora-tadbirlar rejasi qabul qilinganini olqishladilar.

O‘zbekiston tinch atomdan foydalanish va shu sohada infratuzilmani barpo etish borasidagi tajribani almashishdan manfaatdor ekani bildirildi.

Kecha Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan uchinchi O‘zbekiston-Belarus hududlararo forumining samarali natijalari alohida eʼtirof etildi. Uning yakunida savdo shartnomalari va investitsiya bitimlarining salmoqli to‘plami imzolandi.

Tomonlar xalqaro tuzilmalar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, MDH, SHHT va Qo‘shilmaslik harakati doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga qatʼiy intilishlarini tasdiqladilar.

Faol madaniy-gumanitar almashinuvni izchil davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari Minsk shahrida O‘zbekiston – Belarus do‘stligi xiyobonini barpo etish tashabbusi uchun Aleksandr Lukashenkoga minnatdorlik bildirdi.

Joriy yil oxiriga qadar qo‘shma turizm, tibbiyot va taʼlim forumlarini tashkil etishga kelishib olindi.

Yig‘ilish davomida qo‘shma Hukumatlararo komissiya hamraislarining hisobotlari hamda muzokaralar kun tartibi yuzasidan aniq takliflari ham tinglandi.

Yakunda Prezident Shavkat Mirziyoyev hamkasbi Aleksandr Lukashenkoga rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishni taklif etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish