Qozog‘istondan munosabat: O‘zbekiston Prezidentining Yaponiyaga tashrifi aniq ifodalangan pragmatik xarakterga ega
Dekabr 21, 2025. 11:40 • 3 daq
• 59
OLMAOTA, 21-dekabr. /“Dunyo” AA/. Qozog‘istonlik ekspert, professor, falsafa fanlari nomzodi Rustam Burnashev “Dunyo” AA uchun bergan intervyusida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi hamda “Markaziy Osiyo + Yaponiya” sammitidagi ishtiroki yakunlari haqidagi fikrlarini bayon qildi:
— Yaponiya tomoni, xususan, Imperator Naruxito O‘zbekiston Prezidentining tashrifini O‘zbekiston-Yaponiya do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashdagi muhim voqea deb baholadi. Ushbu baho O‘zbekiston tomoni uchun ham xosdir.
Tashrifning muhim tarkibiy qismlaridan biri Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyada mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan o‘zbekistonliklar bilan uchrashuvi bo‘ldi. Bu ko‘p jihatdan taʼlim, kadrlar tayyorlash hamda madaniy-gumanitar almashinuv sohasidagi hamkorlik O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning eng jadal rivojlanayotgan segmenti ekanligini ko‘rsatdi.
Shu maʼnoda, O‘zbekiston Prezidenti va Yaponiya Parlamenti Maslahatchilar palatasi prezidenti uchrashuvida yosh parlamentariylarning tashabbuslari, jumladan, O‘zbekiston va Yaponiya yosh parlamentariylari forumi hamda Yaponiya delegatsiyasining 2026 yilda Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Global yosh parlamentariylar konferensiyasida ishtirok etishi masalalari markaziy mavzu bo‘lgani diqqatga sazovordir.
O‘zbekiston yetakchisining Yaponiyaga tashrifi aniq ifodalangan pragmatik xarakterga ega. Buni Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri Ryosei Akadzava bilan o‘tkazilgan uchrashuv yakunlari ham tasdiqlaydi. Unda savdo-investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish hamda muqobil energetika, dekarbonizatsiya va o‘ta muhim xomashyo kabi sohalarda qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrifi doirasidagi markaziy voqealardan biri uning “Markaziy Osiyo + Yaponiya” sammitidagi ishtiroki bo‘ldi. Maʼlumki, aynan Yaponiya 2004 yilda bunday formatdagi uchrashuvlarning birinchi mintaqadan tashqaridagi ishtirokchisi va tashabbuskori bo‘lgan edi. O‘sha vaqtdagi Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Yoriko Kavaguti so‘zlari bilan aytganda, bu format ko‘p tomonlama hamkorlikning “yangi o‘lchami” sifatida taqdim etilgan.
Ushbu muloqotning o‘ziga xosligi shundaki, u xilma-xillikni hurmat qilish, raqobat va muvofiqlashtirish, shuningdek, gumanitar almashinuv tamoyillari asosida qurilgan. Yaponiya tomoni Markaziy Osiyo davlatlari bilan aynan mintaqaviy darajada hamkorlik qilish muhimligini tizimli ravishda taʼkidlab keldi. Bu esa 2000 yillardagi murakkab mintaqaviy jarayonlar davrida Markaziy Osiyoda mintaqaviy o‘zlikni saqlash va rivojlantirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qildi.
Biroq, shu vaqtga qadar ushbu muloqot “vazirlar darajasida” edi. Yaponiyadagi hozirgi uchrashuv oliy darajadagi birinchi tadbirdir. Bu esa Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikka qo‘shimcha surʼat bag‘ishlashi kutilmoqda.
Nihoyat, yana bir prinsipial muhim jihat shundaki, “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti boshqa “S5+» forumlaridan farqli o‘laroq, ishbilarmon va ilmiy doiralar uchrashuvlarini — yaʼni “ikkinchi darajali diplomatiya”ni ham o‘z ichiga oladi. Bu esa muloqotni shunchaki siyosiy va diplomatik tadbirdan Markaziy Osiyoda mintaqaviy bog‘liqlikni mustahkamlashga qaratilgan real hamkorlik mexanizmiga aylantiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston: Yevroosiyo makonida pragmatik hamkorlik va amaliy muloqotlar rivojlanmoqda
Kenji Hirata: Yaponiya–O‘zbekiston munosabatlari yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda
O‘zbekiston–Yaponiya: strategik sheriklik chegaralari kengaymoqda
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot