O‘zbekiston Prezidentining Yaponiyaga rasmiy tashrif yakunlandi
Dekabr 20, 2025. 17:59 • 2 daq
• 213
TOSHKENT, 20-dekabr. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifining tadbirlarga boy dasturi yakuniga yetdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti Yaponiya poytaxtida mamlakat Imperatori Naruxito, Bosh vaziri Sanae Takaichi, Parlamentning ikki palatasi rahbarlari, parlamentdagi O‘zbekiston bilan do‘stlik ligasi faollari, hukumat aʼzolari, Nara shahri meri hamda yetakchi oliygohlari rektorlari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi.
Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya va madaniy-gumanitar sohalarda amaliy hamkorlik va ko‘p qirrali munosabatlarni kengaytirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar.
Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida Yaponiyaning yirik kompaniyalari, moliya institutlari rahbarlari bilan biznes forum va ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Ikki davlat yetakchilari tomonidan O‘zbekiston – Yaponiya munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘taruvchi Kelajak avlodlar uchun kengaytirilgan strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot imzolanishi tashrifning asosiy natijasi bo‘ldi.
Taʼlim, sog‘liqni saqlash, ekologiya, suv resurslari, transport, shaharsozlik, turizm, qishloq xo‘jaligi va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish sohalarida salmoqli kelishuvlar to‘plami qabul qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammitida ishtirok etib, nutq so‘zladi, ushbu formatdagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish bo‘yicha bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Sammit yakunida Tokio deklaratsiyasi qabul qilindi.
Tashrif doirasida Tokioda sanʼat ustalarining konserti, “Yangi O‘zbekiston” fotoko‘rgazmasi va hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmasini o‘z ichiga olgan O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi.
Yaponiyadagi tadbirlar yakunlangach, O‘zbekiston Prezidenti Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tadigan Yevroosiyo Oliy iqtisodiy kengashining bo‘lajak yig‘ilishi va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi yetakchilarining norasmiy sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Rossiyaga jo‘nab ketdi.
“Xaneda” xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Yaponiya Parlamenti deputati Muneo Suzuki, tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Osuru Tesuya va boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O'zbekiston Prezidentining Turkmanistonga amaliy tashrifi yakunlandi
Tokioda O‘zbekiston Prezidenti sharafiga rasmiy qabul marosimi bo‘lib o‘tdi