Logo

Turkiyadan munosabat: Toshkent faol, dadil va pragmatik diplomatiyani tanlamoqda

Dekabr 21, 2025. 09:00 • 3 daq

71
Turkiyadan munosabat: Toshkent faol, dadil va pragmatik diplomatiyani tanlamoqda

ANQARA, 21-dekabr. /“Dunyo” AA/. Anqara inqirozlar va siyosat tadqiqotlari markazi (ANKASAM) rahbari, professor Mehmet Seyfettin Erol “Dunyo” axborot agentligi uchun bergan intervyusida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi hamda “Markaziy Osiyo + Yaponiya” sammitidagi ishtiroki yakunlari haqidagi fikrlarini bayon qildi.

— Baʼzan birgina xorijiy tashrif mamlakatning tashqi siyosati haqida o‘nlab dasturiy hujjatlar va balandparvoz deklaratsiyalardan ko‘ra ko‘proq maʼlumot beradi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 18-20-dekabr kunlari Yaponiyaga amalga oshirgan tashrifi aynan shunday voqea bo‘ldi. Bu Toshkent voqealar ortidan ergashishni emas, balki ulardan bir qadam oldinda yurishni afzal ko‘rib, faol, dadil va pragmatik diplomatiyani tanlayotganining aniq va ravshan signalidir. Bu — ufqlarni kengaytirish, xalqaro mavqeni mustahkamlash va O‘zbekistonning global kun tartibida o‘z o‘rnini ishonchli namoyon etish yo‘lidir.

Tokio dasturining mazmunan boyligi tashrifning ilk soatlaridanoq yaqqol ko‘zga tashlandi. 19-dekabr kuni Yaponiya Imperatori qabulida bo‘lish — yuksak siyosiy ehtirom belgisi, parlamentning har ikki palatasi rahbariyati bilan uchrashuvlar, yuzta Yaponiya kompaniyasi ishtirokidagi keng ko‘lamli biznes-forum, beshta yetakchi korporatsiya bilan alohida muzokaralar hamda Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi bilan o‘tkazilgan batafsil muloqot shular jumlasidandir. Bunday tig‘iz jadval tashrif protokollarni bajarish uchun emas, balki aniq qarorlar, muhim kelishuvlar va natijaga erishish uchun tuzilganidan dalolat beradi.

Tashrif jarayonini kuzatar ekanman, siyosat, iqtisodiyot va institutlarning bir-birini o‘zaro kuchaytiruvchi nozik uyg‘unligiga guvoh bo‘ldim. 20-dekabr kuni ushbu mantiq “Markaziy Osiyo + Yaponiya” sammitida, ikki tomonlama muzokaralarda va Yaponiya Bosh vaziri bilan o‘tkazilgan rasmiy uchrashuvda o‘z aksini topdi. Bularning barchasi shuni ko‘rsatadiki: O‘zbekiston bugun xalqaro kun tartibida shunchaki ishtirok etmayapti — u tobora ishonch bilan uning qoidalari va parametrlarini shakllantirishda qatnashmoqda.

Kengroq maʼnoda, ushbu tashrif O‘zbekistonning yangi tarixidagi eng sermazmun va faol tashqi siyosiy davrlardan biri bo‘lgan 2025-yilga to‘laqonli mutanosib bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyev siyosati yangi imkoniyatlarni ochuvchi aniq yo‘nalishlarga asosan qurilmoqda: xalqaro aloqalar geografiyasi muttasil o‘sib bormoqda, ularning mazmuni esa chuqur va amaliy tus olmoqda. Shu fonda Markaziy Osiyo asta-sekin “chekka hudud” bo‘lishdan to‘xtab, transport, energetika va investitsiyalar sohasida nufuzi ortib borayotgan Yevroosiyoning mustaqil tuguniga aylanib bormoqda. Aynan O‘zbekiston bugungi kunda mintaqani yangi energiya va maʼno bilan to‘ldirgan holda ushbu jarayonga jadal surʼat bermoqda.

O‘zbekiston infratuzilmasini modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan Yaponiya investitsiyalari hamkorlikning mustahkam iqtisodiy asosini tashkil etadi. Bu shunchaki tarqoq loyihalar yoki bir martalik qadamlar emas, balki yillar davomiga mo‘ljallangan tizimli ishdir.

Muloqotning iqlimiy va gumanitar jihatlari — ayniqsa, O‘zbekistonda “Atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil” iqtisodiyot yili” deb eʼlon qilingan yil fonida alohida eʼtiborga loyiq. Markaziy Osiyo uchun iqlim o‘zgarishi allaqachon mavhum mavzu bo‘lishdan to‘xtagan: muzliklar erishi tezlashmoqda, suv kamaymoqda, harorat yildan-yilga ko‘tarilmoqda. Bunday sharoitda Yaponiyaning qayta tiklanuvchi energiya, energiya samaradorligi, “yashil” texnologiyalar va favqulodda vaziyatlardan ogohlantirish tizimlari sohasidagi tajribasi nafaqat amaliy, balki strategik ahamiyat kasb etadi. 900 dan ortiq mutaxassislarning Yaponiya taʼlim dasturlari bo‘yicha tayyorlanishi esa “yashil” transformatsiyaning mustahkam kadrlar poydevorini yaratadi, ekologik kun tartibini mustahkamlaydi va Tokio bilan Toshkentni uzoq muddatli jonli aloqalar bilan bog‘laydi.

Geosiyosiy o‘lcham ham muhimligicha qolmoqda. Tabiiy va texnologik resurslar uchun raqobat kuchayib borayotgan bir sharoitda Yaponiya Markaziy Osiyoga teng huquqlilik va suveren manfaatlarni hurmat qilishga asoslangan hamkorlik modelini taklif etmoqda. O‘zbekistonning xalqaro maydondagi Yaponiya tashabbuslarini faol qo‘llab-quvvatlashi, ijtimoiy sohadan tortib xavfsizlik, energetika va transport infratuzilmasini rivojlantirishgacha bo‘lgan qo‘shma loyihalar ikki tomonlama munosabatlarning yuqori ishonch va yetuklik darajasini ko‘rsatadi.

Bu Turkiya uchun ham muhim signaldir: Markaziy Osiyo qardosh mintaqa sifatida o‘z mustaqilligini ishonchli tarzda mustahkamlamoqda, Yaponiya bilan sheriklik esa butun Yevroosiyo makoni uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Nargiza Saidaliyeva

nargiza@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish