“Pakistan In the World”: O‘zbekiston va Qirg‘iziston iqtisodiy sheriklik uchun mustahkam poydevor yaratmoqda

Iyul 28, 2026. 15:30 • 3 daq

27
“Pakistan In the World”: O‘zbekiston va Qirg‘iziston iqtisodiy sheriklik uchun mustahkam poydevor yaratmoqda

ISLOMOBOD, 28-iyul. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Pakistan In the World” gazetasi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi eksperti Ruslan Abaturovning O‘zbekiston–Qirg‘iziston savdo-iqtisodiy aloqalariga bag‘ishlangan tahliliy maqolasini eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda qayd etilishicha, bugungi kunda O‘zbekiston va Qirg‘izistonni nafaqat umumiy chegara, tarixiy va madaniy yaqinlik birlashtirib turadi. Asta-sekin o‘zaro savdo, sanoat kooperatsiyasi, qo‘shma investitsiyalar hamda tadbirkorlar va hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarga asoslangan umumiy iqtisodiy makon shakllanmoqda.

O‘zaro munosabatlardagi o‘zgarishlar eng yaqqol savdo aylanmasi dinamikasida namoyon bo‘lmoqda. 2016-yilga nisbatan ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 7 baravardan ortiq oshdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston eksporti 6 baravardan ziyod, Qirg‘izistondan import esa 9 baravardan ko‘proq o‘sdi. Bu esa tovarlar oqimi har ikki tomondan ham izchil ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Taʼkidlanishicha, 2025-yilda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi qariyb 1,2 milliard AQSH dollariga yetdi va bir yil ichida 37 foizga o‘sdi.

Gazetaning yozishicha, ikki mamlakat iqtisodiy hamkorligining ikkinchi muhim harakatlantiruvchi omili investitsiya va sanoat kooperatsiyasidir.

Xususan, 2016-yilda O‘zbekistonda qirg‘iz kapitali ishtirokida atigi 49 ta korxona faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2025-yil oxiriga kelib ularning soni 344 taga yetdi, yaʼni 7 baravarga oshdi. 2026-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, bunday korxonalar soni 374 tani tashkil etdi. Bu yo‘nalishda muhim mexanizm sifatida 2021-yilda tashkil etilgan O‘zbekiston–Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi xizmat qilmoqda.

Shuningdek, maqolada so‘nggi yillarda bir qator qo‘shma korxonalar ishga tushirilgani, jumladan, Chuy viloyatida qirg‘iz–o‘zbek qo‘shma avtomobilsozlik korxonasi “Tulpar Motors” ochilgani haqidagi maʼlumotlar mushtariylar eʼtiboriga taqdim etilgan.

Bundan tashqari, to‘qimachilik sanoati, maishiy texnika ishlab chiqarish, plastik va alyuminiy profillar, qurilish materiallari hamda boshqa sohalarda ham qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li hamda quvvati 1,9 GVt bo‘lgan Qambarota GES-1 kabi yirik loyihalarni amalga oshirish boshlangani xabar qilingan.

“Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillariga ko‘ra, O‘zbekiston Qirg‘izistonga yengil avtomobillar va ularning butlovchi qismlari, yuk avtomobillari, qishloq xo‘jaligi texnikalari, qora metallurgiya mahsulotlari, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, polimer materiallar va plastmassadan tayyorlangan buyumlar, elektrotexnika mahsulotlari va uskunalari, farmatsevtika mahsulotlari hamda sement yetkazib berish hajmini yana-da oshirish imkoniyatiga ega”, – deb taʼkidlangan.

Qirg‘iziston esa o‘z navbatida maʼdan xomashyosi, plastmassa buyumlari, shisha, tabiiy tosh va keramika mahsulotlari, ekologik toza qishloq xo‘jaligi hamda oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish salohiyatiga ega.

Maqola xulosasida “O‘zbekiston va Qirg‘iziston iqtisodiy sheriklik uchun mustahkam poydevor yaratdi. Endigi bosqich ushbu hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish, qo‘shma ishlab chiqarish zanjirlarini rivojlantirish va o‘zaro manfaatli iqtisodiy integratsiyani kengaytirishdan iborat”, – deb yozilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish