2025-yilda Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1,2 milliard dollardan oshdi
Iyul 28, 2026. 15:00 • 2 daq
• 81
BISHKEK, 28-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2025-yilda 1,2 milliard AQSH dollaridan oshdi, yaqin kelajakda esa tomonlar uni 2 milliard dollarga yetkazish niyatida, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Qirg‘izistonning “Kabar” milliy axborot agentligining xabar berishicha, bu haqda bugun Bishkekda ish boshlagan O‘zbekiston–Qirg‘iziston biznes-forumida Qirg‘iziston Prezidenti huzuridagi Investitsiyalar bo‘yicha milliy agentlik rahbari Ravshanbek Sabirov maʼlum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tegishli vazifani Qirg‘iziston va O‘zbekiston prezidentlari belgilab bergan.
“Agar qo‘shma ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘ysak, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirsak va birgalikda uchinchi mamlakatlar bozorlariga chiqsak, bu vazifaga ancha tezroq erishishimizga ishonchim komil. Bugungi kunda O‘zbekiston Qirg‘iziston uchun investitsiya sohasidagi asosiy strategik sheriklardan biridir”, – dedi Ravshanbek Sabirov.
“Kabar”ning yozishicha, biznes-forum O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi arafasida Bishkekda bo‘lib o‘tmoqda.
Forumda iqtisodiyotning tog‘-kon sanoati, qurilish, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, farmatsevtika, to‘qimachilik sanoati va gidroenergetika kabi asosiy tarmoqlari vakillari ishtirok etmoqda.
Tadbir doirasida, B2B formatidagi uchrashuvlar ham rejalashtirilgan bo‘lib, ularda Qirg‘iziston va O‘zbekiston tadbirkorlari tovarlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish va qo‘shma korxonalar tashkil etish masalalarini atroflicha muhokama qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 28–29-iyul kunlari O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov va Qirg‘iziston transport va kommunikatsiyalar vaziri Talantbek Soltoboyev Qirg‘iziston hududida qurilayotgan “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temiryo‘lining asosiy obyektlarida bo‘lib, qurilish ishlarining borishi bilan tanishmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi