Toshkentda o‘zbek va yapon sanʼatkorlari ishtirokida konsert dasturi bo‘lib o‘tadi
Avgust 19, 2026. 08:55 • 2 daq
• 162TOKIO, 19-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida taniqli qo‘shiqchi va bastakor Tomoko Kato boshchiligidagi sanʼat va madaniyat vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda joriy yilning 6–13-oktyabr kunlari Yaponiya delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish, madaniy almashinuv va sanʼat sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar mazkur tashrif doirasida Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan qo‘shma konsert dasturi hamda madaniy tadbirlarning tashkiliy jihatlarini ham ko‘rib chiqdi.
Maʼlum qilinishicha, Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatrida bo‘lib o‘tadigan maxsus konsert “Yaponiya–O‘zbekiston Ipak yo‘li” jamg‘armasi hamda O‘zbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi hamkorligida tashkil etiladi. Unda ikki mamlakatning taniqli sanʼatkorlari ishtirok etadi.
Konsert dasturidan Tomoko Katoning “Million atirgul”, “O‘tgan kunlar haqida gapirmoq” va boshqa mashhur qo‘shiqlari o‘rin olgan. Shuningdek, sahnada O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri, “Tumor” raqs ansambli hamda taniqli opera xonandasi Jahongir Piyazovning chiqish qilishi rejalashtirilgan.
Uchrashuv yakunida Tomoko Kato musiqa xalqlarni yaqinlashtiruvchi universal til ekanini taʼkidlab, bo‘lajak konsert O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy aloqalarni yana-da mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Tomoko Kato 2003-yilda BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi doirasida Orolbo‘yi hududiga tashrif buyurib, Nukus, Samarqand va Toshkent shaharlarida bo‘lgan edi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

