“The World News”: O‘zbekiston va O‘mon strategik muloqotdan amaliy natijalar sari odimlamoqda

Noyabr 16, 2026. 20:30 • 3 daq

• 21
“The World News”: O‘zbekiston va O‘mon strategik muloqotdan amaliy natijalar sari odimlamoqda

ISLOMOBOD, 16-noyabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The World News” elektron nashrida “Barqaror rivojlanish markazi” NNT xodimi Jahongir Isayevning O‘zbekiston-O‘mon hamkorligiga doir maqolasi e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muallifning ta’kidlanishicha, zamonaviy xalqaro hamkorlik tobora ko‘proq uchrashuvlar va imzolangan hujjatlar soni bilan emas, balki aniq natijalar – tashkil etilgan korxonalar, sotuv bozorlarining kengayishi, transport xarajatlarining kamayishi hamda aholi uchun yangi imkoniyatlarning yaratilishi bilan baholanmoqda. Ayni shu nuqtayi nazardan bugun O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Ikki mamlakatning ustunliklari ko‘p jihatdan bir-birini to‘ldiradi. O‘zbekiston Markaziy Osiyoning ishlab chiqarish va transport markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlab borayotgan bo‘lsa, O‘mon Hind okeani yo‘nalishlarida rivojlangan port infratuzilmasi, xalqaro investitsiyalar sohasidagi tajribasi hamda Fors ko‘rfazi mamlakatlari bozorlariga chiqish imkoniyatlariga ega. Ushbu hamkorlik mahsulot ishlab chiqarishdan tortib uni yakuniy iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan keng qamrovli ishlab chiqarish va logistika zanjirlarini shakllantirish imkonini beradi.

“Hamkorlikning eng ko‘zga ko‘ringan natijalaridan biri logistika sohasidagi yakunlangan bitim bo‘ldi, –deyiladi maqolada. – 3 iyun kuni “Asyad Group” kompaniyasi “Orient Group” va “UzOman” ishtirokidagi bitim doirasida O‘zbekistonning ikkita logistika platformasi — “Universal Logistics Services va Highway Logistics Center” kompaniyalarining nazorat paketlarini sotib olganini ma’lum qildi”.

Shuningdek, maqolada, O‘monning Duqm, Sohar va Salala portlari o‘zbekistonlik eksportchilarning transport imkoniyatlarini kengaytirishi mumkinligi qayd etilgan.

Muallif iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, resurslardan mas’uliyatli foydalanish va texnologik yangilanish “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda O‘monning “Oman Vision 2040” dasturida muhim o‘rin tutishini ta’kidlagan. Har ikki mamlakat uchun quruq iqlim, suv tanqisligi va iqlimiy xavf-xatarlarning ortishi dolzarb masalalar hisoblanadi. Shu bois ekologik kun tartibi diplomatik munosabatlarning ikkinchi darajali yo‘nalishi emas, balki iqtisodiy barqarorlikning muhim tarkibiy qismiga aylanmoqda.

2026 yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan “Oman Climate Week” tadbiri doirasida ikki mamlakat vakillari suvni chuchuklashtirish va qayta ishlatish, sho‘rga chidamli qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, ekotizimlarni tiklash, yoshlar o‘rtasida ilmiy almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish hamda cho‘llanish jarayonlari haqida erta ogohlantirish masalalarini muhokama qildilar. Bunday tashabbuslar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga, xususan, toza suv, hamyonbop energiya, mas’uliyatli ishlab chiqarish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash va hamkorlik yo‘nalishlaridagi maqsadlariga mos keladi. 

“O‘zbekiston va O‘mon uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish uchun zarur siyosiy va iqtisodiy zaminga ega. Ushbu sheriklikning ahamiyati umumiy niyat va kelishuvlar qay darajada tez ishlab turgan korxonalar, ishonchli transport yo‘nalishlari hamda aholi uchun yangi imkoniyatlarga aylanishi bilan belgilanadi”, – deb yozgan Jahongir Isayev maqolasi so‘nggida.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish