Pokiston ishbilarmonlari O‘zbekistondagi investitsiya imkoniyatlarini o‘rgandi
Sentabr 30, 2026. 10:00 • 2 daq
• 130
ISLOMOBOD, 30-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev “Nishat Group” kompaniyasi bosh direktori Muhammad Mansha bilan videokonferensiya o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat chog‘ida O‘zbekistonda mehmonxona biznesi, to‘qimachilik sanoati, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, islom moliyasi va boshqa tarmoqlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish, istiqbolli va o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi.
“Kompaniyamiz mehmonxona biznesini yuritish bo‘yicha xalqaro tajribaga ega. Lahor va London shaharlarida mehmonxonalarimiz mavjud. Joriy yilning noyabr oyida Islomobod shahrida yangi mehmonxona ishga tushiriladi. O‘zbekistonda sayyohlik rivojlangani va mehmonxonalarga bo‘lgan yuqori talabni e’tiborga olib, ushbu sohada investitsiya loyihasini amalga oshirish biz uchun manfaatli bo‘ladi”, – dedi Muhammad Mansha.
“Nishat Group” vakillari O‘zbekistonda islomiy bank tashkil etish imkoniyatlarini ham o‘rganishga qiziqish bildirdi. Kompaniya tomonidan Pokistonda islomiy banking sohasida katta amaliy tajriba to‘plangani qayd etilib, O‘zbekistonda amaldagi qonunchilik va litsenziyalash talablaridan kelib chiqqan holda alohida islomiy bank tashkil etish, mahalliy hamkorlar bilan qo‘shma bank loyihasini amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilishi ma’lum qilindi.
Muzokaralar davomida kompaniya rahbariyati va mutaxassislaridan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga safarini tashkil etishga kelishib olindi.
“Nishat Group” Pokistonning eng yirik biznes guruhlaridan biri bo‘lib, to‘qimachilik, bank-moliya xizmatlari, qurilish materiallari, sug‘urta, energetika, mehmonxona biznesi, ko‘chmas mulk, qishloq xo‘jaligi, avtomobilsozlik hamda aviatsiya kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Guruh tarkibiga “Nishat Mills Limited”, “MCB Bank Limited”, “MCB Islamic Bank Limited”, “D.G. Khan Cement Company Limited”, “Adamjee Insurance”, “Nishat Power Limited”, “Nishat Hotels and Properties”, “Nishat Dairy”, “Hyundai Nishat Motor” kabi yirik kompaniyalar kiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi